O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni “LUKOYL” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Uchrashuvda Vagit Alekperov davlatimiz rahbariga mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi neft-gaz kompaniyasi ishtirokidagi ustuvor investitsiya va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilishining borishi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

bugungi kunda “LUKOYL” O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan eng yirik investorlardan biri ekanini ta’kidlash joiz. Investitsiyalar hajmi 10 milliard dollarga yetmoqda.

Xususan, 8 milliard kub metrdan ortiq tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash zavodi faoliyat yuritmoqda. Hauzak va Shodi konlari, Janubi-G‘arbiy Hissordagi konlar o‘zlashtirilmoqda. Muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Suhbat chog‘ida pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma loyihalarning samaradorligini oshirish va “LUKOYL” kompaniyasi bilan strategik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan idoralararo ishchi guruh tuzish va “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.