Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Farg‘onadagi Nuroniylar maskaniga tashrif buyurdi

Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Farg‘ona shahridagi Nuroniylar maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda nuroniylarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, turmush sharoitini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Joylarda faxriylarning vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Farg‘onadagi Nuroniylar maskani Al-Farg‘oniy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida barpo etilgan. Bu yerda keksalar uchun zarur bo‘ladigan barcha jihatlar e’tiborga olingan. O‘zbek va jahon adabiyotlari bilan boyitilgan kutubxona, zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan sport zali, tibbiyot xonasi, fitobar, choyxona nuroniylar xizmatida.

Mohir hunarmandlar qo‘lida sayqal topgan ayvonlar, naqshinkor ustunlar ijtimoiy markaz husniga husn qo‘shgan.

Prezidentimiz bu yerdagi sharoitlarni yanada yaxshilash, xususan, keksalar uchun avtobus ajratish zarurligini ta’kidladi. Nuroniylarning yoshlar bilan ishlashining izchilligini ta’minlash, jamiyatimiz ma’naviy barqarorligini mustahkamlashda ularning o‘rnini oshirish bo‘yicha tavsiyalar bildirdi.

 

Umar Asrorov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA