DXX xodimlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida Xitoy davlatidan Qozogʻiston Respublikasi orqali mamlakatimizga import tovarlarini tashish bilan shugʻullanuvchi avtofura haydovchilarining Toshkent viloyatida joylashgan “Yallama” chegara-bojxona posti orqali oʻtishlari jarayonida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni bahona qilib, ulardan tovlamachilik yoʻli bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, mazkur jinoiy guruh soxta hujjatlar yordamida tovar-moddiy boyliklar importi bilan ham shug‘ullanganligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda guruh a’zolariga tegishli bo‘lgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 6 ta manzilda tintuv tergov harakatlari amalga oshirildi. Natijada, ulardan 410 ming AQSH dollari, turli ko‘rinishdagi 21 dona soxta muhr va shtamplar, kompyuter texnikalari hamda bojxonaga oid shubhali hujjatlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Hozirda jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning ikki nafar yetakchisiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, tergov harakatlari doirasida guruh faoliyatiga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.