Yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, davolash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga bo‘lgan diqqat va e’tibor alohida ahamiyat kasb etadi.

Ushbu muassasalarining zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanishi og‘ir va murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishda muhim hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Orolbo‘yi aholisining yurak qon-tomir kasalliklarini sog‘lomlashtirish markazi ancha yillardan beri aholiga kardiologiya sohasi bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bunda asosan yurak qon-tomir kasalliklarini davolash, jumladan, jarrohlik amaliyotlarining samarali amalga oshirilishi bemorlarning tez fursatda sog‘ayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Albatta, insonning muhim a’zosi bo‘lgan yurak va unga doir jarrohlik amaliyotlari hech qachon oson o‘tmagan. Jarrohlarning murakkab amaliyotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishida esa operatsion qurilmalarning o‘rni alohida ekanligi ma’lum.

O‘tgan 2020 yilning mart oyida ushbu markazga mahalliy byudjet hisobidan 730 ming AQSH dollariga «General Electrics» kompaniyasining Universal Angiografik sistema IGS 5 modeli olib berildi. Qurilma ishga tushgan o‘tgan yilning 19 mart sanasidan buyon markazning intervension kardiologlari tomonidan 300 dan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Ularga misol tariqasida, yurak tomirlarining angiografiyasi va stentlash amaliyotlari tug‘ma yurak nuqsonlari, tug‘ma klapanli torayishlarni ballon orqali valvuloplastika amaliyoti, yurak aritmiyalarida – radio chastotali ablyatsiya orqali aritmiyalarni davolash, periferik tomir angiografiyalari va intervensiyalari, bosh miya qon tomirlarida angiografiya va intervensiyalar va boshqalarni qayd etish mumkin.

Bunday murakkab jarrohlik amaliyotlarni markazning intervension kardioxirurglari Ne’mat Kutimov, Sherzod Karimov, Raxat Qoshjanov va anesteziolog Raxmatulla Zaripovlar mahorat bilan amalga oshirib kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Orolbo‘yi aholisining yurak qon-tomir kasalliklarini sog‘lomlashtirish markazidagi mana shunday jahon standartlariga to‘liq javob beradigan, zamonaviy tibbiy qurilmaning mavjudligi jarrohlik amaliyotlarining yuqori aniqlikda va sifatli o‘tishini ta’minlamoqda. Bu esa kasallikdan aziyat chekayotgan insonlarga umid bag‘ishlab, ularni hayotga qaytarmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA