Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotida yer yuzi bo‘ylab koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 89 million 707 mingdan ortgani, 1 million 940 ming kishi ushbu xastalikdan vafot etgani keltirilgan. Bu raqamlar 12 yanvar kunning ikkinchi yarmidagi holatni aks ettirmoqda. Oxirgi sutkada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 566 186 yangi holat aniqlanib, 9 ming 371 nafar bemor kasallik tufayli vafot etdi.
Jons Xopkins universiteti esa bugun Toshkent vaqti bilan soat 10.22 gacha sayyoramizda jami 91 million 594 mingdan ortiq odam COVID-19 virusini yuqtirgani, ulardan 1 million 962 mingdan ortig‘i hayotdan ko‘z yumganini ta’kidlagan.
Kasallik tasdiqlangan holat bo‘yicha AQSH birinchi o‘rinda turibdi, JSST ma’lumotiga qaraganda, Qo‘shma Shtatlarda 22,229 milliondan ortiq fuqaro koronavirus infeksiyasiga uchragani aniqlangan. Mazkur statistikada ikkinchi o‘rinni Hindiston (10,479 milliondan ortiq holat), uchinchi o‘rinni Braziliya (8,105 milliondan ziyod), to‘rtinchi o‘rinni Rossiya (3,448 milliondan ko‘proq), beshinchi o‘rinni esa Buyuk Britaniya (3,118 milliondan ortiq) band etgan. Bir sutka davomida AQSHda 220 528, Hindistonda 12 584, Braziliyada 29 792, Rossiyada 22 934, Buyuk Britaniyada esa 46 169 yangi kasallanish holati qayd etilgan.