O‘tgan yili Qozog‘istonda 1,4 million kishi ish o‘rinlari bilan ta’minlandi.
700 ming tadbirkor soliq to‘lashda yengilliklarga ega bo‘ldi, deb xabar qildi «Kazinform» xalqaro axborot agentligi.
Aholiga kreditlar berish 10,5 foizga ortgan. Mamlakat bo‘yicha 15 million kvadrat metr turar joy foydalanishga topshirilgan.
«2020 yilda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar bandlik va biznes faollikni saqlab qolish imkonini berdi. Ish o‘rinlarini saqlash va yangilarini yaratish uchun yo‘l xaritasi amalga oshirilmoqda. Pandemiya sharoitida zarar ko‘rgan sohalarni soliq bo‘yicha rag‘batlantirish choralari ko‘rildi. Kichik va o‘rta tadbirkorlikni imtiyozli kreditlash vositalari kengaytirildi, aylanma kapitalni moliyalashtirish ko‘paytirildi. Imtiyozli shartlarda berilgan kreditlar qayta moliyalashtirildi hamda kreditlarni qaytarish muddati uzaytirildi», – dedi Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri Ruslan Dalenov hukumat majlisida.
Uning ta’kidlashicha, byudjet va davlat boshqaruvining sharoitga moslashuvchanligi ta’minlandi, byudjetdan rag‘batlantirish kengaytirildi.
«Natijada, 1,4 million kishining bandligi ta’minlandi. Ulardan 238 ming kishi bandlik bo‘yicha Yo‘l xaritasi doirasida ish bilan ta’minlangan. Pandemiyadan zarar ko‘rgan sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning 80 foizini kredit to‘lash muddati uzaytirildi. Tadbirkorlarning 40 mingdan ortiq loyihasi arzonlashtirilgan stavkalar bo‘yicha moliyalashtirildi», – dedi vazir.