O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha sohalar kabi mamlakatimiz iqtisodiyotini liberallashtirish va sohada barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar, joriy yilda va istiqbolda hayotga tatbiq etilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Xususan, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish borasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish lozimligi alohida ta’kidlandi.

TRANSFORMASIYA – IQTISODIYOTNI JADALLASHTIRUVCHI INSTITUT

Ma’lumki, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va yirik korxonalarda davlat ulushining uzoq vaqt saqlanishi bozor mexanizmlariga o‘tishning kechikishiga, mehnat unumdorligini oshirish, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish o‘rinlari yaratishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu maqsadda davlat korxonalari transformatsiya qilinadi. Ya’ni, transformatsiya dasturi ularning ishlab chiqarish, xarid qilish, sotish va investitsiyaviy faoliyat samaradorligini oshirishga va mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi. Natijada davlat korxonalarining xalqaro bozorda raqobatbardosh o‘ringa ega bo‘lishi, ular faoliyatida xususiy kapital ishtiroki, ochiqlik va shaffoflikka asoslangan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimining yaratilishi ta’minlanadi.

DAVLAT ISHTIROKIDAGI KORXONALARNI ISLOH QILISH BORASIDA AMALGA OSHIRILGAN ISLOHOTLAR

Davlat rahbarining Murojaatnomasida hozirgi vaqtda davlat ishtirokidagi korxonalarning aksariyati moliyaviy barqaror bo‘lmagani uchun davlatga og‘ir yuk bo‘lib qolayotganligi, shu sababli joriy yildan barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Jumladan, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va bu orqali xususiy sektorga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati to‘liq o‘rganildi va iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6096-son Farmoni bilan 32 ta transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, bevosita davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi Moliya vazirligi tuzilmasida Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti tashkil etildi.

TIJORAT BANKLARINING TRANSFORMASIYASI – BANK TIZIMINI ISLOH QILISHNING ASOSIY YO‘NALISHI

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan bank-moliya sohasida ham amalga oshirilgan islohotlar natijasida ushbu sektorda raqobat muhitini kuchaytirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratildi. Xususan, xalqaro standartlarga javob beradigan va sohaga xorijiy investitsiyalar kiritish uchun jozibador iqtisodiy-huquqiy muhitni yaratadigan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida«gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida«gi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida«gi hamda “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida«gi yangilangan qonunlari qabul qilindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil  12 maydagi PF-5992-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2020 – 2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi»ga muvofiq, bank xizmatlari ommabopligi va sifatini oshirish uchun bank sektorini tubdan transformatsiya qilish belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Davlat ulushiga ega tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etildi.

Mazkur loyiha ofisiga tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlariga maslahatchi sifatida xalqaro konsultantlarni jalb qilish hamda tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalarida xalqaro moliya institutlari va salohiyatli xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borish va bitimlar tuzish vakolati berildi. bugungi kunga kelib 8 ta tijorat bankini transformatsiya qilish va davlat ulushini sotish borasida xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda muzokaralar olib borilmoqda.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida 2021 yilda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 32 ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshirilishi hamda banklar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish e’tibor markazida bo‘lishini alohida ta’kidladi.

XO‘JALIK BOSHQARUV ORGANLARINING HUQUQIY MAQOMINI BELGILASH – TRANSFORMASIYA JARAYONLARINING MANTIQIY DAVOMI

Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq iqtisodiy islohotlarni davom ettirish, ma’muriy islohotlarni chuqurlashtirish, korporativ boshqaruv tamoyillarini keng joriy etish, xo‘jalik boshqaruv organlarini optimallashtirish va ular faoliyatini tashkil etish qilish samaradorligini oshirish maqsadida bir qatori ishlar amalga oshirildi.

Ammo xo‘jalik boshqaruv organlarining huquqiy maqomi va ular tarkibidagi korxonalar bilan o‘zaro munosabatlarning aniq chegarasi belgilanmaganligi sababli xo‘jalik boshqaruv organlarining tarqoq holda faoliyati yuritishiga hamda ular haqida ochiq va ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini cheklanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli, xo‘jalik boshqaruv organi maqomida faoliyati yuritayotgan davlat korxonalarini isloh qilish, transformatsiya jarayonlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida xo‘jalik boshqaruv organlari to‘g‘risida alohida yaxlit qonun qabul qilish maqsadga muvofiq. Bu orqali, ushbu sohadagi tarqoq normalar yaxlit, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun hujjatida tizimlashtiriladi. Natijada, davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki kamaytirilib, xo‘jalik boshqaruv organlarining samarali faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qonunchilik bazasi yaratilishi ta’minlanadi.

Qisqa qilib aytganda, Prezidentimizning Murojaatnomasi iqtisodiy islohotlarni davom ettirish va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Rustambek SAYIDOV,

Oliy Majlis huzuridagi  

Qonunchilik muammolari va  

parlament tadqiqotlari instituti  

bosh ilmiy xodimi