Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Kanadaning “Ceo.ca”, Ispaniyaning “Europapress.es”, Italiyaning “It.advfn.com” nashrlari poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlanganini yozdi.

Xorij OAV bu yilgi dasturda “Yangi O‘zbekiston: keng imkoniyatga ega yirik davlat” g‘oyasi mujassamlashganini e’tirof etgan. O‘zbekistonga yaqin besh yil ichida 70 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi urg‘ulangan.

– Mazkur anjuman yalpi ichki mahsulot qiymatini 160 milliard dollarga yetkazish, shuningdek mamlakatga qo‘shimcha 250 milliard dollar sarmoya jalb etish nazarda tutilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq, o‘sish va rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan, – deyiladi maqolalarda.

Ikki kun davom etadigan tadbir kun tartibida yurtimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimini tezlashtirish bo‘yicha fikr, reja almashish maydoni sifatida qator davra suhbatlari, sho‘ba yig‘ilishlari bor.

Energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, turizm, tog‘-kon sanoati va raqamli iqtisodiyot kabi muayyan sohalardagi keng investitsiya imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA