Mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining turlarini ko‘paytirish maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan xalqaro tajriba o‘rganilib, xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning «MG PRIME GROUP« vakillari bilan uchrashuvidan ham ana shu maqsad ko‘zlandi. «Toshkent Farma Park» klasteri hududida yangi loyihani ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

“MG PRIME GROUP” korxonasi vakillari tomonidan yangi loyiha taqdimot qilinib, respublikamizda yirik xorijiy korxonalarning farmatsevtika sohasida distribyutorlik faoliyatini tashkil etish rejalashtirilgani bildirildi.

Shuningdek, A.Azizov mamlakatimizda Pharmaceutical Inspection Co-operation Scheme (PIC/S)ni amalga oshirish istiqbollarini muhokama etish maqsadida PQM+ va PIC/S xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashdi. Maqsad yurtimizda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtik mahsulotlarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashdir.

PIC/S ya’ni «Farmatsevtik inspeksiya sohasida hamkorlik sxemasi» xalqaro talablarga asoslangan farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish va tashqi nazorat sohasida hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi tashkilot hisoblanadi.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollarini, inspeksiyalarning nazorati va tavsiflash jarayonlarini optimallashtirish va sanoatda davom etuvchi islohotlarning rivojlanishini ta’minlash imkoniyatlarini muhokama qildi. Ushbu dastur farmatsevtika mahsulotlarining sifat tekshiruvini yuqori standartga ko‘tarishga qaratilgan.

Hamkorlik uchrashuvlarining yana biri Hindistonning “Religare Enterprises Limited (REL)” investitsion va moliyaviy xolding kompaniyasi vakillari bilan bo‘ldi.

Uchrashuv avvalida Agentlik direktori yurtimiz farmatsevtika bozorining joriy holati haqida ma’lumot berib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlarni qayd etdi. O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining bugungi holati, sohaga investitsiya kiritish shartlari, yurtimizda xorijiy kompaniyalarga yaratilgan imkoniyatlar, yengillik va imtiyozlar masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Kompaniya vakillari O‘zbekiston farmatsevtika sohasiga sarmoya kiritish, sheriklik hamda o‘zaro foydali va manfaatli hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida hamkorlik istiqbollari va O‘zbekistonda biznes imkoniyatlari muhokama qilindi.

Agentlikda o‘tkazilgan «LEKINTERKAPS« korxonasi vakillari bilan uchrashuvda esa korxona tomonidan «Toshkent Farma Park» klasteri hududida yangi loyihani ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

«LEKINTERKAPS« korxonasi mutasaddilari yangi loyiha haqida ma’lumot berar ekan, respublikamizda import o‘rnini bosuvchi, infuziya, tabletka, sirop dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilganini bildirildi. Ta’kidlanishicha, loyiha doirasida 190 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun: “LEKINTERKAPS” korxonasi O‘zbekistonda 2011-yildan buyon faoliyat yuritadi. Hozirgi kunga kelib, korxona tomonidan 36 turdagi biologik faol qo‘shimchalar hamda 43 xil turdagi dori vositalari ishlab chiqariladi. Korxonada bugungi kunda 84 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA