Poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City”  mehmonxonasida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston energetika vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri Almasadam Satkaliyev, Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov va boshqalar “O‘zbekiston –Qozog‘iston – Ozarbayjon energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash loyihasi (“Yashil yo‘lak”)”ning ahamiyati va uning kelgusida amaliy natija kasb etishini ta’kidladi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston – Qozog‘iston – Ozarbayjon energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash loyihasi (“Yashil yo‘lak”)” taqdim etildi. Unda tomonlar Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash orqali mintaqada ishlab chiqarilgan yashil energiyani Yevropaga eksport qilish loyihasini dastlabki texnik-iqtisodiy asoslantirishning texnik shartlarini tasdiqlash, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini o‘rganib chiqish uchun xalqaro konsultantlarni yollash masalalarini ko‘rib chiqish, loyiha yuzasidan davlatlararo bitim loyihasini tayyorlash kabi masalalarga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminovning ma’lumot berishicha, ushbu loyiha har tomonlama yaxshi samara beradi.

– O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasida tarixiy hujjatga imzo qo‘yildi. Loyihada O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarida quyosh va shamol energiyasidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Yevropaga sotish bo‘yicha infratuzilmani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonda muqobil energiyani ishlab chiqarish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Xorazm, Buxoro kabi viloyatlar “yashil” energiya ishlab chiqarishga mos hududlardir. Shundan kelib chiqib, kelajakda asosiy bozorimiz Yevropa bo‘ladi, deyishimiz mumkin. Buning uchun yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda infratuzilma yaratish ko‘zda tutilmoqda. Tadbirda Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekiston mamlakatlari birgalikda Kaspiy dengizi orqali Gruziya va Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Ayni paytda loyihani tatbiq etish bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqilgan. Kelajakda bu loyiha Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lovchi infratuzilmani hosil qiladi – dedi U. Mamadaminov.

Uchrashuv doirasida Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari Orxan Zeynalov tomonlar o‘rtasidagi ushbu hamkorlik haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Avvalo, ushbu uchrashuvning ahamiyatini qayd etmoqchiman. Bu o‘tgan yilning noyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan uchrashuvning davomi bo‘lib, u Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirlarining ikkinchi yig‘ilishidir. Bu loyiha Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston va kelajakda uchinchi davlatlar va boshqa mintaqalar energetika tizimlarini bog‘lash bo‘yicha boshqa loyihalarimizning mantiqiy davomidir. Biz bu borada kelishib oldik va vazirlar loyihani ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriqlarni tasdiqladilar.

Texnik topshiriqlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni nazarda tutadi va shu oyda tuzilgan qo‘shma ishchi guruh doirasida amaliy qadamlar qo‘yilishi kerak. Vazirlar qo‘shma ishchi guruhga maslahatchi yordamida texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish bo‘yicha keng vakolatlar berdi. Hukumatlararo bitim loyihasi ustida ham ish boshlanadi. Hukumatlararo bitim ushbu loyihaning barcha elementlarini, jumladan, tomonlarning tijorat, moliyaviy va boshqa majburiyatlarini, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirishga oid boshqa masalalarni o‘z ichiga oladi, –dedi O.Zeynalov.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida loyihani amalga oshirish yuzasidan tegishli hujjatlar imzolandi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri