Poytaxtimizda III Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. Mazkur forum nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim tadbir bo‘lib, unda 93 ta mamlakatdan 2,5 ming nafarga yaqin delegat, jumladan hukumat hamda yirik kompaniyalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.

Forum doirasida belgilangan uchrashuvlar boshlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov agrar sohaga qiziqish bildirgan va investitsion loyihalarni amalga oshirish istagida bo‘lgan xorijiy tashkilot va idora rahbarlari bilan muloqot olib bormoqda.

Ibrohim Abdurahmonov va Rossiya biotexnologik tadqiqot va ishlab chiqarish kompaniyasi — “IMPACT.BIO” Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ivan Savinsev o‘rtasida tashkil etilgan muloqotda O‘zbekistonda “Ozuqa va oziq-ovqat maqsadlarida oqsil mahsulotlarini hamda biologik parchalanadigan polimerlarni metanotrof sintez qilish va ishlab chiqarish texnologiyasi” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish va bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, biotexnologik ishlab chiqarish majmuasi mahsulotlari yuqori samarali ozuqa va oziq-ovqat qo‘shimchalari bo‘lib, MDH mamlakatlari va Markaziy Osiyo bozoridagi oqsil mahsulotlari taqchilligini to‘ldirish va import analoglarini almashtirish imkonini beradi. I.Abdurahmonov ayni loyiha ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, bu kabi investitsion loyihalar bugungi kun talabiga mos ekani, bu borada vazirlik vakolati doirasida ko‘mak berilishini qayd etdi.

Fransiyaning “Selerys” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Fabrice Caquin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Selerys” kompaniyasining  dronlar va issiq havo sharlari yordamida qishloq xo‘jaligi uchun yomg‘ir chaqirish texnologiyalari ustida olib borayotgan tajribasi, kompaniyaning innovatsion yechimlarini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tizimiga qanday integratsiya qilish mumkinligi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini boshqarishni yaxshilash va ekinlar uchun mo‘ljallangan ilg‘or prognozlash modellari xususida so‘z yuritildi.

Qayd etish lozimki, mazkur kompaniya asosan raqamli, aqlli va operatsion yechimlar asosida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish orqali ekinlarni sug‘orish texnologiyasini ishlab chiqarish borasida faoliyat olib boradi.

I.Abdurahmonov “Selerys” kompaniyasining taqdimoti bilan tanishar ekan, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasining o‘rni va ahamiyati, uni tatbiq etish orqali hosildorlik oshishini ta’kidladi. O‘z navbatida kelgusidagi manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar borasida qator kelishuvlarga erishildi.

Sanoat gazlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyasi sanaladigan AQSHning “Air Products” kompaniyasi Yevropa va Afrika mintaqalari bo‘yicha prezidenti Ivo Bols bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hamkorlik shartnomasi sanoatning turli segmentlarida mahsuldorlik va mahsulot sifatini oshirish uchun sanoat gazlaridan foydalanishga qaratilgan.

Ibrohim Abdurahmonov panel uchrashuvlar davomida Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirining parlament kotibi Ofeliya Nikni qabul qildi.

Muloqot davomida, ikki davlat o‘rtasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, Germaniyaning qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish borasidagi boy tajribasini yurtimizda keng joriy qilish, agrosanoat majmuasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish amaliyotini o‘zlashtirish maqsadida ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eksport va import masalasi muhokama markazida bo‘ldi.

Shuningdek, butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammolarni hal etish uchun hamkorlik va tarmoq yaratishning ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Vazir oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida Germaniya tajribasini O‘zbekistonda joriy etish kechiktirib bo‘lmas masalalardan biri ekanini qayd etdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA