Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Bu haqda tegishli davlat organlarining bergan rasmiy bayonotlarida ma’lum qilinishicha, 2021 yil 10 yanvar kuni soat 17:15 larda Jizzax shahrining Zilol mahallasi, Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli, 1-2 qavatlari savdo do‘koni, 3-6 qavatlari uyga mo‘ljallangan 240 kv.m iborat bo‘lgan bino qulab tushgan.

Binoning qulashi oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Voqea joyiga zudlik bilan Jizzax viloyati prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari hamda tezkor-tergov guruhi a’zolari yetib borgan.

Binoning qulash sabablarini aniqlash borasida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Halokat sodir bo‘lgan inshootda qurilish tozalash ishlari borayotir. Ayni paytda Jizzax shahar hokimligida ushbu halokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan maxsus komissiya ish olib borayotir.

Bugun kuning ikkinchi yarimida ushbu komissiya Jizzax shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazdi.

Huquq tartibot organlari, arxitektura qurilish tashkiloti, davlat arxitektura nazorati tashkiloti mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda komissiya raisi, Jizzax shahar hokimi A. Shukurov ushbu halokatni o‘rganish bo‘yicha aniqlangan dastlabki ma’lumotlar haqida axborot berdi.

Inshoot ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda «Chorvador-Qorako‘l-Baraka» MCHJ tomonidan qurilayotgani aytilgan. Ammo qulagan inshoot egasi nomi «Chorvador-Qorako‘l-Baraka» MCHJ emas «Barakali qorako‘l chorvador» fermer xo‘jaligi ekan.

Ushbu fermer xo‘jaligi Forish tuman hokimining 2017 yil 28 iyuldagi qarori bilan “Darvoza” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida lalmi yerda qorako‘l qo‘ychilikka ixtisoslashtirib tashkil etilgan

Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax shahrining “Zilol” mahallasi, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan bino inshoot va egallagan yer maydoni bilan “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligi mulki sifatida 2019 yil 22 aprelda 18365-son reyestr bilan davlat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Fermer xo‘jaligi Jizzax shahrida savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Jizzax shahar hokimining 2019 yil 17 sentyabrdagi qarori bilan “Zilol” mahallasi, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan binoni buzib, o‘rnida birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchasi, yuqori qavatlari turar joy binosi sifatida qayta qurishga ruxsat berilgan. Jizzax viloyati qurilish bosh boshqarmasi arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (ART I-II) hujjatlari ishlab chiqilgan.

“Discovery architects group” MCHJ loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, “Shaharsozlik ekspertizasi” davlat unitar korxonasi Jizzax viloyati filialining xulosasi olingan va viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda ruxsatnoma olingan.

Qurilishni loyihasi, ruxsatnoma olishda barcha texnik hujjatlar qanchalik to‘g‘ri ekanligi, halokatga loyihalashtirishdagi kamchiliklar sabab bo‘lganmi yo‘qligi hozircha noma’lum. Bu komissiya tomonidan o‘rganilayotir.

Hozircha aniq bo‘lgani shuki, qurilishning byurtmachisi ham, pudratchisi uning egasi ya’ni – “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligining o‘zi bo‘lgan. Ko‘p qavatli uylarni qurishda tajribasi yo‘q, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi bu ishni qanday uddalagani esa kecha ma’lum bo‘ldi.

Hozircha savollar ko‘p. Savollarga fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchi Akmal Boboyev:

– Shukur, hodisa, dam olish kuni sodir bo‘lgani uchun odamlar jabrlanmadi, – deb javob berdi.

Halokat yuz bergan inshootda laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilayotir. Yaqin kunlarda barcha savollarga aniq javob topilsa, ajabmas.

Mavzuga qaytamiz.

T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA