Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida o‘tkazilgan “Eng kitobxon maktab” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari, “Kitob markazi” – “Kitob dunyosi” tarmoq savdo markazlari xamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan o‘tkazilgan mazkur tanlovda Sho‘manay tumani Xalq ta’limi bo‘limi 1-o‘rin sohibi deb topilib, “Neksiya-3” avtomobili, To‘rtko‘l tumanidagi 68-maktab, Nukus shahridagi 37-maktab jamoalari 2-o‘rin bilan har biri “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

Avtomobillar tanlov g‘oliblariga bitta shart bilan berilyapti, sotib olingan kitoblar o‘qilishi kerak va shu g‘olib maktablar 1 yil ichida yaxshi natijalar qayd qilishi kerak.

Masalan, bitiruvchi o‘quvchilari oliy o‘quv yurtlariga kirish natijalari yuqori bo‘lishi lozim. Respublika va xalqaro tanlovlarda, tadbirlarda, olimpiadalarda ishtirok etib, yaxshi ko‘rsatkichlar qayd qilishi lozim. Bir yillik sarhisobga ko‘ra, agar shu avtomobil yutgan maktablar yoki 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Sho‘manay xalq ta’limi bo‘limining natijasi past bo‘lib qoladigan bo‘lsa, avtomobillar qaytarib olinadi, – deydi “Eng kitobxon maktab” loyihasi tashkilotchilaridan biri U.Tillayev.

Tanlovda, shuningdek, “Eng kitobxon o‘quvchi”, “Eng faol kutubxonachi”, “Eng kitobxon maktab direktori”, “Eng faol OAV xodimi” singari bir qator nominatsiya g‘oliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Nukus shahrida 37-sonli maktabga 140 o‘ringa muljallangan qo‘shimcha bino qurib berganligi uchun qurilishchi tadbirkor Batir Utemuratov O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. U 2019 yilda 650 mln so‘mga o‘zi o‘qigan maktabga qo‘shimcha bino qo‘rib bergan.

“Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni Qoraqalpog‘istonda shuning bilan uchinchi kishiga nasib qildi. Uning birinchisi aynan Batir Utemuratovning otasi Maxset Utemuratov 2006 yilda olgan. 2018 yilda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi sobiq raisi, marhum Musa Yerniyazov taqdirlangan.

“Eng kitobxon maktab” loyihasi 2020 yil davomida Qoraqalpog‘istonning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazildi. Tadbirlarida hududdagi 721 maktab, 350 mingdan ortiq o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Loyiha tashkilotchilari eng chekka hududgacha borib, qoraqalpoq va o‘zbek tillaridagi 1500 nomdagi 200 mingdan ziyod bolalar adabiyoti, badiiy asarlarni o‘quvchilarga yetkazib berdi.

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), O‘zA