O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi «Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil qilingan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti huzurida matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilardan hujjat qabul qilish boshlandi.

Matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktabga bu yilgi o‘quv yilida matematika, fizika va ingliz tili fanlari bo‘yicha umumta’lim maktablarining 7-, 8- va 9-sinf o‘quvchilari qabul qilinadi. O‘quvchilar yotoqxona va tushlik ovqat bilan ta’minlanadi.

Prezidentning mazkur qarorida belgilangan vazifalarga ko‘ra, mazkur maktab faoliyatini takomillashtirish uchun ilg‘or xorijiy mamlakatlar malakali ekspertlari jalb qilinadi, maktab o‘quvchilarining kamida bitta xorijiy tilni puxta o‘zlashtirib chiqishi uchun dars mashg‘ulotlariga yuqori malakali pedagoglar jalb qilinishi va zaruriy sharoitlar yaratilishi kerak.

Institut prorektorlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha maktab faoliyatiga har tomonlama yordam ko‘rsatish va nazorat qilish uchun mas’ul hisoblanadi. Shuningdek, institutning professor-o‘qituvchilari, shu jumladan rahbar xodimlari belgilangan tartibda akademik maktabning dars mashg‘ulotlariga jalb qilinadi.

Matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabda umumta’lim fanlar soati hisobiga chuqurlashtirilgan fanlar soati oshiriladi hamda ularning ulushi kamida 50 foizga yetkaziladi.

Maktabga kirish uchun arizalar onlayn topshiriladi, ikki bosqichli tizim bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi. Dastlab yozma imtihon olinadi va keyin Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Ye.Qanoatov, O‘zA