O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Komissiya a’zolari hamda xodimlari ishtirok etgan majlis kun tartibidan YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Missiyasining O‘zbekistonda 2019 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish yuzasidan tavsiyalari, MSKning 2020 yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari va 2021 yilning birinchi yarmi uchun ish rejasiga oid hamda Komissiya faoliyatini yanada takomillashtirishga doir ayrim nizomlar loyihalarini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar joy oldi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov boshqargan majlisda pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitga qaramasdan Markaziy saylov komissiyasi o‘tgan yilgi faoliyatini samarali davom ettirgani ta’kidlandi.

Joriy yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – prezident saylovlari o‘tkaziladi. Shu bois bo‘lajak saylovlarni milliy qonunchilik va umum’etirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga hozirdan alohida e’tibor qaratmoqda. Bunda, o‘tgan saylovlarda orttirilgan milliy tajriba hamda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etish ishlari muhim o‘rin tutadi.

YeXHT Byurosining “Yangi O‘zbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan parlament saylovlarini kuzatgan to‘laqonli missiyasining Yakuniy hisobotida mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi bir qator ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilgan. Jumladan, saylovlar takomillashgan qonunchilik asosida o‘tkazilgani va mustaqil, ochiq fikrlarga nisbatan erkin qarash muhitining oshgani alohida ta’kidlangan. Bu boradagi ishlarni sobitqadamlik bilan davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

MSK qarori bilan yakuniy hisobotda bildirilgan tavsiyalarni atroflicha o‘rganish va maqbullarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi.

MSK kotibiyati va Markaziy saylov komissiyasining matbuot xizmati to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq matbuot xizmati Markaziy saylov komissiyasi raisiga bevosita bo‘ysunadigan alohida mustaqil bo‘lim sifatida faoliyat yuritadi. MSK tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, komissiya faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda matbuot xizmati kotibiyat bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshiradi.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Axborotnomasi – Vestnik Sentralnoy izbiratelnoy komissii Respubliki Uzbekistan” jurnali to‘g‘risidagi nizom hamda uning tahrir hay’ati tarkibi tasdiqlandi.

Tadbirda, shuningdek,  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining idoraviy arxiviga oid, hujjatlarning qiymatini aniqlash va ularni doimiy saqlovga topshirish bo‘yicha ekspert komissiyasiga doir  nizomlar ham tasdiqlandi.

Majlisda MSKning 2020 yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari batafsil tahlil etilib, 2021 yilning birinchi yarmi uchun ish rejasi tasdiqlandi.

Muattar Burhonova, O‘zA