Turkiya — O‘zbekiston uchinchi ta’lim forumi doirasida YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqandda o‘tkazilishiga oid targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Targ‘ibot tadbirida uch yuzga yaqin ishtirokchilar, shu jumladan, Turkiyaning YUNESKO milliy ofisi rahbariyati, Turkiya oliy ta’lim kengashi rahbari Erol O‘zvar boshchiligida 50 ta Turkiyaning yetakchi oliygohlari rahbarlarini jamladi.
Forum Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikning asosiy masalalari, shuningdek, YUNESKOning jahon ta’limini rivojlantirishdagi rolini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi. Ishtirokchilar bo‘lajak konferensiya mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va ta’lim sohasidagi tashabbuslar sifatini oshirishda muhimligini ta’kidladilar.
Mutaxassislar kelgusidagi hamkorlikni muhokama qilar ekan, ta’lim standartlarini takomillashtirish va ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni integratsiyalashuviga yordam beradigan qo‘shma dasturlar va tajriba almashish muhimligini ta’kidladilar. Tadbir O‘zbekiston va Turkiya universitetlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik yo‘lida muhim qadam bo‘ldi va bu o‘z navbatida mintaqada ta’lim rivojiga xizmat qiladi.
O‘zA