O‘zLiDeP markaziy ofisida MDHning saylovlarni kuzatish missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlarni qabul qilgan O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Yakubov partiyaga tashrif buyurgan MDH Bosh kotibi o‘rinbosari D.Trefilov, MDH Ijroiya qo‘mitasi Missiya shtabi rahbari Ye.V.Kozyak, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi bosh kotibi maslahatchisi S.Karavayev va MDH PA ishtirokchi davlatlarda demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti ekperti S.Tkachenkolarga partiyaning saylovlardagi ishtiroki bilan bog‘liq jarayonlar xususida gapirib berdi.

Qayd etilganidek, shu yilning 22 sentyabridan boshlangan saylovoldi tashviqoti bosqichida partiya faollari va nomzodlar tomonidan aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlari qizg‘in amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda barcha partiyalarga teng sharoitlar yaratilgan.

Bu yil ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilayotgan saylovlar xususiyatlaridan kelib chiqib, partiyaning ularda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatidagi o‘zgarishlar mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.

O‘z navbatida, missiya vakillari ushbu missiyaning asosiy maqsadlariga to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

M.Komilova, O‘zA