Kecha AQSHning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 79-yillik sessiyasi doirasida “S5+1” mintaqaviy diplomatik platformasi shafeligida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vazirlari hamda AQSH Davlat kotibi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, mintaqada tinchlik va farovonlikka ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, ekologik o‘zgarishlar oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 2023 yil 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan “C5+1” davlat rahbarlarining birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni hamda Nyu-York deklaratsiyasini samarali amalga oshirishga sodiqligini bildirib, mineral resurslar bo‘yicha “C5+1” muloqotining AQSH va Markaziy Osiyo biznes hamkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi “B5+1” forumi va nogironlik huquqlari bo‘yicha “C5+1” maxsus sessiyasi o‘tkazilayotganlini olqishladi.

Ishtirokchilar terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transmilliy va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda radikallashuvga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirish va muvofiqlashtirish zarurligiga kelishib oldilar.

2025 yilda ishtirokchi mamlakatlar “C5+1” formati doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning o‘n yilligini nishonlaydilar. Shu munosabat bilan  tomonlar mintaqa mamlakatlari va AQSHning global masalalarga mintaqaviy yechimlarni izlashni davom ettirish, shuningdek, “C5+1” diplomatik platformasi doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish istagini olqishladilar.

O‘zA