Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatish maqsadida qator xalqaro kuzatuvchilar missiyalari yurtimizga tashrif buyurgan. Jumladan, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) vakillari ham o‘z missiyasini boshladi.
MDH PA missiyasi vakili Stanislav Tkachenko mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik ishlari yuzasidan o‘z fikrlarini bayon qildi:
— Biz, MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar guruhi o‘z ishimizni mamlakatning liberal qonunchiligini o‘rganishdan boshladik. Chunki o‘tgan va joriy yilda mamlakatingiz qonunchiligiga bir necha muhim o‘zgarishlar kiritilgan.
Markaziy saylov komissiyasi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvimizda o‘zimizni qiziqtirgan barcha savollarga javob oldik. Birinchi navbatda, bizni qiziqtirgan savol bu — to‘rt oy oldin saylov bo‘lishi e’lon qilinganidan va kalendar reja qabul qilinganidan beri saylov jarayoni qanday tashkillashtirilgan va qay tarzda bo‘lib o‘tmoqda? Kalendar rejaga MSK va quyi tashkilotlar tomonidan qanchalik amal qilinayapti? Bu kabi savollarimizga javob oldik.
Joriy saylovning yana bir afzalligi bu tizimning raqamlashtirilganidir. O‘zbekiston Respublikasi ushbu siyosiy jarayonga jiddiy e’tibor qaratgan. MSKning siyosiy partiyalar va quyi tashkilotlar bilan aloqalari, barcha hujjat almashinuvi, ayniqsa, partiyalar tomonidan tavsiya qilingan nomzodlarni ro‘yxatga olish masalalari raqamlashtirilgan.
Televideniye, radio va internet nashrlarida bir xil vaqt ajratilgan. O‘zbekiston saylovga raqamlashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha MDH davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda. Bu ajoyib tajriba va namuna bo‘lib, keyinchalik MDH Parlamentlararo Assambleyasiga a’zo bo‘lgan boshqa mamlakatlarning saylov jarayonlarida foydalaniladi.
Kalendar rejada belgilangan tadbirlar bajarilayotganini, saylov jarayoni ishtirokchilari, siyosiy partiyalar nomzodlari va tashkilotchilar yuqori darajada ishlashi uchun hamma sharoitlar yaratilganini alohida qayd etish joiz.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA