O‘zbekistonning Parijdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodir G‘aniyev ushbu mamlakat Senati tarkibidagi “Fransiya – Markaziy Osiyo” do‘stlik guruhi raisi Ervi Morey va O‘zbekiston bilan hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi Devid Ros bilan birinchi ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat munosabati, jumladan parlamentlar aro hamkorlikning bugungi holati va aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama etildi.
E.Morey Fransiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan parlament diplomatiyasi sohasidagi sheriklikni mustahkamlashga intilayotganini aytib, O‘zbekiston mamlakat tashqi siyosatida ustuvor o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shuningdek, tomonlar yurtimizda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi parlament saylovi masalasiga ham to‘xtaldi.
Ta’kidlash joiz, bugungi kunda O‘zbekiston Oliy Majlisi har ikki palatasida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan. Hamkor davlat Senatida “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada “Fransiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.
Muharama Pirmatova, O‘zA