Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqib, Senat tomonidan amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

– Hozirda inson huquqlariga bo‘lgan e’tibor kuchliki, qiynoq degan masala O‘zbekistonda kun tartibidan chiqib ketishi kerak. Bosh prokurotura, Ichki ishlar vazirligi, Ombudsmanning faoliyati tahlil qilinganda, mazkur masalada alohida e’tibor qaratiladi va tegishli baho beriladi. Mas’ul qo‘mitalardan bu boradagi o‘rganishlar tahlilini yanada kuchaytirish talab etiladi. Qolaversa, joriy yilda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi komissiyaga raislik qilish Senatga o‘tadi. Shu maqsadda komissiya faoliyatini yanada kuchaytirish joriy yilda oldimizda turgan eng dolzarb vazifalardan biridir.

Sarflab bo‘lingan byudjetni hokimlar tasdiqqa olib kiryapti. Bu noto‘g‘ri. Mahalliy kengashlar bunga yo‘l qo‘yishlari kerakmas. Umuman olganda, byudjetni ijroga yo‘naltirishga ruxsat berish kerak. Nima uchun respublika byudjeti bir tiyin mablag‘ini Qonunchilik palatasi va Senatdan tasdiqlatgandan keyin, Qonun sifatida tasdiqlanib, Prezident tomonidan imzolangandan keyin sarflay boshlaydi. Respublika darajasida bunga amal qilinadi, lekin mahalliy hokimliklar bunga itoat qilmaydi. Biz huquqiy davlatda yashayapmiz, bunga o‘rganish kerak va qilishimiz shart, – dedi T.Norboyeva.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA