Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlari, deputatlar, senatorlar, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Parlament tadqiqotlari instituti, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, olimlar, professor-o‘qituvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyani Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov kirish so‘zi bilan ochar ekan, 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq ovozi orqali qabul qilinganini hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga kiritilgan birinchi hujjat bo‘lganini qayd etdi:

– Bosh qomusimiz milliy davlatchilik taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyat va davlatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarni oldi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etildi, davlat hokimiyatini tashkil etishning samarali yangi modeli joriy qilindi, – dedi Spiker.

Ilmiy-amaliy konferensiyada Spiker o‘rinbosari A.Saidov, Parlament tadqiqotlari instituti direktori A.Toshpo‘latov, Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi J.Shirinov, Konstitutsiyaviy sud sudyasi A.Rahmonov, senator E.Gadoyev hamda bir qator institutlar vakillari va fraksiyalar rahbarlari Bosh qomusimizda o‘z aksini topgan qator yangiliklar, ushbu bosh hujjatni hayotga izchil tatbiq etish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz farmoni asosida yangilangan Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda 5 ta ekspertlik kengashlari tuzildi. Oliy Majlis palatalari tomonidan 38 ta banddan iborat Konstitutsiya mohiyatini tushuntirish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilindi. «Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi» yagona milliy portali – «konstitutsiya.gov.uz» va uning mobil ilovasi ishga tushirildi.

Ma’ruzachilar tomonidan ta’kidlandiki, Oliy Majlis tomonidan 100 ga yaqin qonunlarni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi. Sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash bo‘yicha Oliy sud Plenumi qarori qabul qilindi. O‘tgan bir yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan Konstitutsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab, chiqarilgan sud qarorlari 749 tani tashkil etgan.

Konferensiyada qayd etilganidek, o‘tgan davrda milliy qonunchilik bazasini tashkil etuvchi 30 mingdan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Huquqiy ta’sir choralarini mutanosiblik prinsipiga moslashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi ko‘zda tutildi.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, konstitutsiyaviy islohotlar parlament faoliyatini ham tubdan o‘zgartirdi. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari kengaydi. Parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi, qonunlarni qabul qilish jarayoni takomillashdi. Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning yangi tartibi ishlab chiqildi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha sharhlar tayyorlanayotgani aytildi. Bu jarayonga nafaqat yurist va siyosatchilar, balki barcha soha vakillarini jalb etish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda yangilangan Konstitutsiyani izchil amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilinar ekan, uning qoidalari kundalik hayotimizda, faoliyatimizda aks etishi lozimligi alohida e’tirof etildi. Konferensiya so‘nggida Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA