Xitoy janubidagi Guandun provinsiyasida avtomobil yo‘lining bir qismi o‘pirilib tushdi. Hozirgacha falokat oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 24 nafar. Bu noxush xabarni Xitoy markaziy televideniyesi mahalliy hokimiyatga tayanib tarqatgan.

– 1-may soat 15:00 holatiga ko‘ra, vayrona ostidan 20 ta avtomobil chiqarildi, – deyilgan xabarda. – Jami 54 kishi jabrlangan, 24 inson vafot etgani tasdiqlandi.

Avvalroq 19 kishi o‘lgani ma’lum qilingan edi. 30 nafar jabrlanuvchi shifoxonada, ularning hayoti xavf ostida emas, deya qo‘shimcha qilgan telekanal muxbiri.

Guandun – Futszyan avtomagistralidagi baxtsiz voqea taxminan soat 02:10 da sodir bo‘lgan. Yo‘lning yiqilgan qismi uzunligi 17,9 metr, maydoni 184,3 kvadrat metr.

Hodisa oqibatini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.