Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida tomonlar kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ikki birodar xalqqa tinchlik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladilar.
Talant Mamitov davlatimiz rahbariga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilgan katta ko‘mak va amaliy yordam, shu jumladan, Qirg‘iziston hududlarida mobil tibbiyot markazlarini qurish loyihalari amalga oshirilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali sheriklik aloqalarini izchil mustahkamlashning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligi kun tartibidagi muhim masalalarni, eng avvalo, sanoat kooperatsiyasi, savdo, iqtisodiyot va mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish choralarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil boshida Qirg‘izistondagi muhim ichki siyosiy tadbirlarni o‘tkazishda muvaffaqiyat tiladi.