O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy saytida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida

 Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 24 noyabrda qabul qilingan 

1-modda. 1992 yil 8 dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 1, 4-modda; 1994 yil, № 1, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 3–4, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 162-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda; 2014 yil, № 4, 85-modda; 2017 yil, № 4, 135-modda, № 5, 201-modda, № 8, 383-modda; 2018 yil, № 10, 674-modda; 2019 yil, № 2, 47-modda, № 3, 162-modda, № 9, 588-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:

1) 7-modda ikkinchi qismining ruscha matnidagi
«zakonodatelstvom, prinyatыm» degan so‘zlar «zakonami, prinyatыmi» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) 33-moddaning ruscha matnidagi «zakonodatelstvom» degan so‘z «zakonami» degan so‘z bilan almashtirilsin;

3) 85-modda to‘rtinchi qismi 8-bandining ruscha matnidagi «zakonodatelstvom» degan so‘z «zakonodatelnыmi aktami» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

4) 86-modda beshinchi qismi 8-bandining ruscha matnidagi «zakonodatelstvom» degan so‘z «zakonodatelnыmi aktami» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

5) 93-modda birinchi qismi 16-bandining o‘zbekcha matnidagi «qonun hujjatlari» degan so‘zlar «qonunchilik» degan so‘z bilan almashtirilsin;

6) 98-modda uchinchi qismining o‘zbekcha matnidagi «qonun hujjatlariga» degan so‘zlar «qonunchilikka» degan so‘z bilan almashtirilsin;

7) 100-modda sakkizinchi xatboshisining o‘zbekcha matnidagi «qonunlariga» degan so‘z «qonunchiligiga» degan so‘z bilan almashtirilsin;

8) 107-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir»;

9) 117-modda sakkizinchi qismining o‘zbekcha matnidagi «qonunlarga» degan so‘z «qonun hujjatlariga» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti    Sh. Mirziyoyev