Qadrli xalq vakillari!

Yangi yilda iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat bo‘ladi. Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy o‘sish hisobiga erishiladi.

So‘nggi to‘rt yilda iqtisodiyotimizning barcha jabhalariga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida jiddiy qadamlar tashlandi.

Endigi vazifa – chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o‘sishning poydevorini yaratishdan iborat. Shularni inobatga olib, keyingi yilda quyidagi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlarni amalga oshiramiz.

Birinchidan, kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etamiz.

Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak – kambag‘allik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi.

Buning uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash, kasb-hunarga o‘qitish, ichimlik suv, energiya va yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq kompleks muammolarni hal etib borish kerak.

Nima uchun biz “temir daftar”ni joriy etdik? Bundan maqsad – ehtiyojmand aholini to‘g‘ri aniqlash va shu asosda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish.

Kelgusi yildan to‘liq ishga tushadigan “Ijtimoiy reyestr”da “temir daftar”dagi barcha ma’lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladi.

Birinchi navbatda, kambag‘al aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli ta’minlashimiz lozim. Bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda.

Kelgusi yil 1 martdan boshlab, aholining minimal iste’mol xarajatlari e’lon qilinadi.

Hukumat ikki oy muddatda ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirib, ularni minimal me’yorlar darajasida bosqichma-bosqich ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqsin.

“Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi.

Kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil insonning intilishi, o‘z kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati bo‘lishi kerak. Shu maqsadda kelgusi yili mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha mingdan ziyod markazlar tashkil etiladi.

Bunda kasb-hunarga o‘qitilgan har bir shaxs uchun o‘quv markazlariga 1 million so‘mgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. O‘quv kurslarini tamomlab, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga uskunalar xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1  gektargacha yer maydonlari ajratiladi.

Ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlashga Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Pandemiya sharoitida o‘z ishini yo‘qotgan aholini kambag‘allikka tushib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Shuning uchun kelgusi yildan boshlab yangicha tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar (223 ming so‘mdan 680 ming so‘mga) oshiriladi va bunda 6 ta hujjat talab etiladigan eski byurokratik tartib bekor qilinadi.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi lozim.

Umuman, har bir tuman va shahar hokimi bir oy muddatda o‘z hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi bo‘yicha har chorakda mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borishi zarur. Bu masala barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezonga aylanishi kerak.

Ikkinchidan, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish kerak.

Hozirgi vaqtda davlat ishtirokidagi korxonalarning aksariyati moliyaviy barqaror bo‘lmagani uchun davlatga og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun joriy yildan barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, kelgusi yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekneftgaz, O‘zbekgidroenergo, O‘zavtosanoat xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tan olish kerak, mutaxassislarning bilim va malakasi, yirik korxonalarning texnik imkoniyatlari ularni mustaqil transformatsiya qilish uchun yetarli emas. Shuning uchun elektr energetikasi, neft-gaz va kimyo sanoati, mashinasozlikdagi yirik korxonalar hamda tijorat banklarini isloh qilishga Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda MacKenzie, Boston Consulting Group, Rothschild kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi.

2021 yilda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 32 ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Banklar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. 2021 yilda “Sanoatqurilishbank”, “Asaka bank”, “Ipoteka bank”, “Aloqabank”, “Turonbank” hamda “Qishloq qurilish bank”ni xususiylashtirishga tayyorlaymiz. Kamida bitta yirik bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga to‘liq sotiladi. Bu borada yetakchi Yevropa banklari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Tarkibiy islohotlarning yana bir yo‘nalishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishdir.

Biz davlat aktivlarini ochiq-oshkora va samarali sotish uchun xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarni jalb etgan holda qator korxonalarni xususiylashtirishga oid keng qamrovli ishlarni boshladik. Kelgusi yilda “Farg‘onaazot” va “Dehqonobod kaliy” zavodlari, “Koka-kola ichimligi” korxonasi, “Bildirsoy” va “Chorvoq” oromgohlari, “Ichan qal’a” va Hyatt Regency mehmonxonalari, “Poytaxt” biznes majmuasi, alkogol, yog‘-moy kabi tarmoqlardagi 83 ta yirik korxonadagi davlat ulushi sotuvga qo‘yiladi.

Umuman olganda, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar soni kelgusi ikki yilda kamida 3 barobar qisqartiriladi.

Uchinchidan, tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlarga xomashyo sotib olish uchun teng imkoniyatlar yaratish zarur.

Hozirgi kunda elektr energiyasi, gaz, qimmatbaho metallar, mineral o‘g‘itlar, transport xizmatlari kabi yo‘nalishlarda monopol bozorlar mavjud bo‘lib, ularda ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda.

Shu o‘rinda bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Iqtisodiy faollik va aholi daromadlari o‘sgani sayin energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib boradi. Shuning uchun neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazishimiz lozim.

Jumladan, 2021 yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari, hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi.

Shuningdek, tabiiy gaz ta’minotida monopoliyani bekor qilib, bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlarga birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji iste’molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. “O‘ztransgaz” kompaniyasi esa faqat gazni transportirovka qiladi.

Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga o‘rnatilgan bojlar bekor qilinadi.

Zargarlik sohasida ham tadbirkorlarga xomashyo sotib olish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bunda kelgusi yil 1 martdan boshlab kumushni birja orqali ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi o‘rnatiladi.

Avtomobil sanoatida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va korxonalarga teng sharoitlar yaratish orqali sohada ishlab chiqaruvchilar soni ko‘paytiriladi.

2021 yildan boshlab oziq-ovqat, neft va elektrotexnika kabi tarmoqlarda 73 ta aksiz solig‘i bekor qilinadi.

Yana bir masala – hozirgi kunda davlat xaridlarida atigi 4 foiz tadbirkor qatnashmoqda. Kelgusi yilda 24 ta yirik davlat korxonasiga davlat xaridi bo‘yicha ochiq-oshkora talablar joriy etiladi. Natijada mahalliy tadbirkorlarimiz har yili kamida 10 trillion so‘mlik mahsulotlarini ushbu korxonalarga sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va Parlament nazoratida bo‘ladi.

To‘rtinchidan, iqtisodiy o‘sishga, avvalo, raqobatdosh sanoat zanjirlarini yaratish hamda bunday loyihalarga investitsiyalarni ko‘paytirish orqali erishiladi.

Harvard universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, mamlakatimiz 50 dan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda barcha imkoniyat va nisbiy ustunliklarga ega. Ayniqsa, neftgaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat hamda “yashil iqtisodiyot” bilan bog‘liq sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimiz “drayverlari”ga aylanishi uchun barcha yetarli sharoitlar mavjud.

Bu tarmoqlarda xususiy sektorning tashabbuslari va yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishi lozim.

Hozirgi kunda G‘ozg‘ondagi dekorativ toshlar, Namangandagi tayyor kiyim-bosh, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Texnopark kabi sanoat klasterlari o‘z samarasini ko‘rsatib, shu tizim afzalliklarini namoyon etmoqda.

Hukumat kelgusi yil 1 aprelgacha istiqbolli sanoat klasterlari ro‘yxatini aniqlab, ularni jadal rivojlantirish uchun alohida dastur ishlab chiqsin.

Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash rejimi”da sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarur.

Shu bilan birga, investitsiya siyosatini yuritishda davlat ishtirokini pasaytirib, xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ulushini oshirish kerak.

Geologiya sohasida joriy yilda 21 ta kon va istiqbolli maydonlar ochiq auksion orqali investorlarga sotildi. 2021 yilda yana 50 ta kon va istiqbolli maydonlar mahalliy va chet ellik investorlarga ochiq mexanizmlar asosida sotiladi.

Bunday ishlarni boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettirishimiz kerak.

Umuman olganda, kelgusi yilda 23 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalarni o‘zlashtirish zarur. Natijada 226 ta yirik sanoat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushiriladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta yirik metallurgiya zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnogen rudani qayta ishlash zavodi, shuningdek, respublikamiz bo‘yicha to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika tarmoqlarida yuzlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Birgina Toshkentdagi Yashnobod texnoparkida yana 11 ta zamonaviy elektrotexnika korxonasi ishga tushirilib, u yerdagi jami korxonalar soni 17 taga va ishlovchilar soni 11 mingtaga yetkaziladi.

Toshkent, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 760 megavatt bo‘lgan yangi elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Qashqadaryo viloyatida umumiy qiymati 3 milliard 600 million dollar bo‘lgan, yiliga 1,5 million tonna kerosin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan majmua to‘liq mahsulot berishni boshlaydi.

Beshinchidan, makroiqtisodiy barqarorlik iqtisodiy islohotlarning mustahkam poydevoridir. Shuning uchun kelgusi yilda? inflyatsiyaviy targetlash doirasida, narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va Hukumatning asosiy vazifasi bo‘ladi.

Bu borada global pandemiya oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Shuning uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida import sohasidagi boj to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytiriladi.

Umuman, xalqimiz xotirjam bo‘lishi kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish hamda narx-navo barqarorligini ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratiladi.

Buning uchun Hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar ko‘riladi hamda bu masala Prezidentning doimiy nazoratida bo‘ladi.

Shuningdek, 2021 yilda iqtisodiyotni kamida 5 foizga o‘sishini, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini ta’minlashimiz zarur.

Kelgusi 2 yilda esa byudjet defitsitini 2 foizdan oshirmaslik bo‘yicha Hukumat zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim.

Mana, valyuta bozori erkinlashganiga ham 3 yildan oshdi. Shu davrda erkin valyuta ayirboshlash bo‘yicha yurtimizda yetarli tajriba to‘plandi. Endi iqtisodiyotimizning xorijiy valyutaga bog‘liqlik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish kerak.

Shu maqsadda, kelgusi yilda valyuta kreditlari ulushini hozirgi 50 foizdan 45 foizga, ya’ni kamida 2 milliard dollarga pasaytirish lozim.

Kelgusi yilda milliy valyutada chiqariladigan xalqaro obligatsiyalar ulushini hozirgi 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish zarur.

Shu bilan birga, kelasi yili banklararo valyuta bozori “onlayn” platformaga o‘tkaziladi va tadbirkorlarga valyutani bevosita bankning o‘zidan sotib olish uchun imkoniyat yaratiladi. Natijada tadbirkorlar valyutani hozirgidek 4 kunda emas, yarim soatda sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Yana bir masala – hozirgi kunda O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi mezonlariga ko‘ra, xavfsiz hisoblanadi.

Ayni vaqtda tashqi qarz hisobidan hududlarda amalga oshiriladigan loyihalar bundan buyon mahalliy Kengashlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Ularning natijalari to‘g‘risida jamoatchilikka hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, davlat nomidan tashqi qarz olish kamaytirilib, investitsiya va infratuzilma loyihalariga ko‘proq xususiy kapital jalb etiladi.

Masalan, keyingi yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 40 dan ortiq yirik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish boshlanadi.

Markaziy bank moliya bozorida raqobatni oshirish maqsadida 1 fevralga qadar bank bo‘lmagan kredit tashkilotlari to‘g‘risida qonun loyihasini kiritsin.

Shuningdek, mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati keldi. Bunga Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi.

Oltinchidan, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha yanada qulay sharoitlar yaratiladi.

Bir narsani ochiq tan olish kerak, pandemiya davrida iqtisodiyotning barqaror ishlashi uchun tadbirkorlar davlat bilan teppa-teng hissa qo‘shdilar. Shuning uchun barchamiz tadbirkorlarga yelkadosh bo‘lib, ularni doimo qo‘llab-quvvatlashimiz shart.

Bu borada ishbilarmonlarning haq-huquqlarini, ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasi bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, ayrim joylarda tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari davom etmoqda. Bu masalada davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Biznes-ombudsmanga vakolat berishni taklif etaman.

Kelgusi yilda “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar uchun ularning biznes hamkorining soliq qarzdorligi haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi bo‘yicha esa tartib-qoidalar soddalashtiriladi.

Pandemiya sharoitida aylanma mablag‘ tanqisligiga duch kelgan tadbirkorlarimiz “oyoqqa turib olishlari” uchun ularga ko‘mak berishni davom ettiramiz.

Turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan imtiyozlar kelgusi yil yakunigacha uzaytiriladi.

Shuningdek, 20 mingta tadbirkorning 400 milliard so‘mlik yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman.

Bundan tashqari, 1 milliard so‘mgacha davlat xaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkazilib, tadbirkorlar qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mgacha aylanma mablag‘larga ega bo‘ladi.

Umuman, tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kelgusi yilda 6 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Shuningdek, Hukumat tomonidan Jahon banki bilan birgalikda boshlangan qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini kengaytirish uchun qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi.

Xabaringiz bor, bundan 4 yil oldin tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e’lon qilgan edik. Buning natijasida o‘tgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘payib, 400 mingtaga yetdi.

Shuning uchun moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman.

Shu bilan birga, Hukumat tomonidan bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok tadbirkorlarni, – takror aytaman – zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan vijdonli tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etiladi.

Yettinchidan, kambag‘allikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini ko‘paytirishda eng tez natija beradigan omil qishloq xo‘jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirishdir.

Bunda har gektar yerdan olinadigan daromadni hozirgi o‘rtacha 2 ming dollardan kamida 5 ming dollargacha yetkazish ustuvor vazifa qilib qo‘yiladi. Buning uchun qishloq xo‘jaligiga eng ilg‘or texnologiyalar, suv tejaydigan va biotexnologiyalarni, urug‘chilik, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni keng joriy etishimiz lozim.

Avvalo, fermer va dehqonlarning yerdan manfaatdorligini oshirish kerak. Manfaatdorlik va adolat bo‘lgan joyda albatta o‘zgarish va o‘sish bo‘ladi.

Bu borada yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va ularni bozor aktivlariga aylantirish masalasini ko‘rib chiqish vaqti keldi. Shuning uchun Hukumat ikki oy muddatda yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taklif kiritsin.

Kelgusi yili barcha viloyatlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda “yagona darcha” tamoyili asosida 100 dan ortiq agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu markazlar orqali yerning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urug‘liklarni tanlash bilan bog‘liq muhim xizmatlar ko‘rsatiladi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablag‘lari jalb qilinadi.

Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlari 5 barobarga ko‘paytirilib, 430 ming gektarga yetkaziladi, 90 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtiriladi.

Sakkizinchidan, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari birinchi marta 2020 yil boshida o‘z zimmasiga olgan majburiyat va rejalari ijrosi haqida mahalliy Kengashlar oldida hisobot berdi.

bugungi kunda ishimizdagi eng katta kamchilik – bilim yetishmasligi, afsuski, barcha sohalarda sezilmoqda. Holbuki, birorta hududni ham, tarmoqni ham, zamonaviy ilm va bilimlarsiz rivojlantirib bo‘lmaydi.

Taraqqiy etgan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning 50  foizidan ortig‘i “bilimlar iqtisodiyoti” hisobidan, ya’ni innovatsiyalar va yuqori malakali kadrlar tomonidan yaratilayotgani buni yaqqol isbotlamoqda.

Bundan buyon har bir qishloq yoki mahalla o‘z yo‘nalishi va “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib, rivojlantiriladi. Buning uchun kelgusi yilda 3 trillion so‘mlik hududlar infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasini tuzishni taklif etaman.

Jamg‘arma mablag‘lari mahalliy Kengashlar takliflariga asosan, infratuzilma loyihalarini qo‘shma moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 84 ta tuman va shaharda sanoat salohiyatini yanada oshirish uchun 100 ta texnopark, kichik sanoat zonalari, hududiy klaster va maxsus logistika markazlari tashkil etiladi.

Kelgusi yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan ta’minlash uchun 1,6  trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Hukumat hududlarda 130 ming kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformatorni bosqichma-bosqich yangilash dasturini kelgusi yil 1 aprelga qadar tasdiqlashi zarur.

Shuningdek, 5 mingdan ortiq ta’mirtalab ko‘prikni tiklash bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Bu ishlarga 2021 yilda 400 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Yana bir muhim masala – so‘nggi 3 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 millionga yaqin aholi yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Lekin, pandemiya tufayli ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan edik. Hukumat bir oy muddatda 2021 yil uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini ishlab chiqib, tasdiqlasin. Ushbu dasturlarni respublika va mahalliy byudjetlar tomonidan teng ulushlarda moliyalashtirishni nazarda tutsin.

Xalqaro moliya institutlari ham mazkur dasturda ishtirok etish uchun 270 million dollar yo‘naltirish istagini bildirdi.

Hududlarning rivojlanishi uchun muhim omillardan biri – ularning o‘rtasida transport aloqasini ta’minlash. Qisqa qilib aytganda, barcha aholi punktlaridan poytaxtimizga, eng yirik shaharlar va turistik markazlarga tezda kelib-ketish imkoniyatini beradigan o‘zaro bog‘langan transport tarmog‘ini yaratishimiz lozim.

Shu maqsadda, Hukumatga keyingi yil 1 martdan boshlab, ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va aviachipta narxining bir qismini, byudjetdan qoplab berish tizimini joriy etish vazifasi yuklanadi.

Shuningdek, bir qator hududiy aeroportlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashqi boshqaruvga beriladi.

Keyingi yilda 2 ta tezyurar poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish boshlanadi.

Aholi punktlari o‘rtasidagi, ayniqsa, qishloqlarni tumanlar markazlari bilan bog‘laydigan uzluksiz avtobus qatnovlari xususiy sektorni jalb qilish orqali ko‘paytiriladi.

Toshkent shahrida yerusti metrosining 12 kilometrlik ikkinchi bosqichi foydalanishga topshiriladi. Shu tariqa yerosti va yerusti metro liniyalari yaxlit tizim sifatida bir-biriga ulanadi.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2021 yilda ham izchil islohotlarni davom ettiramiz. Ayniqsa, ziyorat turizmi va ichki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi.

Shuningdek, turizm ob’ektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash uchun byudjetdan 1  trillion so‘m ajratiladi.

To‘qqizinchidan, kelgusi yil aholining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi. Nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos “ijtimoiy modeli”ga bosqichma-bosqich o‘tiladi.

Muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bu imkoniyatdan qariyb 50 ming nafar yurtdoshimiz foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha olib borayotgan ishlarimiz ko‘lami yanada kengaytiriladi. Bunda 27 mingta yoki bu yilgiga nisbatan 2,5 barobar ko‘p oilaning ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badallarini to‘lash va kredit foizlarini subsidiyalash uchun 2,4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

O‘ninchidan, yangi eksport bozorlariga chiqish Hukumatning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. Kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasi hamda Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha ishlarni faollashtirish lozim.

“GSP+” tizimi doirasidagi imtiyozlarni mamlakatimizda samarali qo‘llash uchun alohida dastur ishlab chiqish kerak.

O‘zbekiston yaqinda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini oldi. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’yorlarini ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarur.

Kelgusi yilda korxonalarga xomashyo sotib olish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi. Eksport qiluvchilarga chet elda savdo uylari va do‘konlar ochish hamda reklama xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Umuman, Hukumatga kelgusi yilda tovar va xizmatlar eksportini kamida 20 foizga oshirish vazifasi topshiriladi.