O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi xalqaro kasaba uyushmalari harakatiga yanada integratsiyalashuv masalalarini muhokama qilish maqsadida Bryusseldagi Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi (XKUK) shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi.

Safar dasturi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov Bosh kotib Lyuk Triangl bilan uchrashdi. Lyuk Triangl Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi faoliyati haqida ma’lumot berar ekan, uning 170 mamlakatdan 200 million ishchi-xodimni qamrab olgan eng yirik xalqaro kasaba uyushmalari birlashmasi ekanini alohida ta’kidladi va O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakati bilan bog‘liq vaziyat haqida qiziqdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida kasaba uyushmalari harakati erishgan natijalar va uning bugungi kundagi jamiyatda tutgan o‘rni haqida batafsil to‘xtaldi. Qudratilla Rafiqov o‘z so‘zida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining qariyb o‘n yildirki, XKUKning assotsiatsiyalangan a’zosi ekani, aslida esa bu yillar mobaynida mamlakatda ko‘p narsa tubdan o‘zgargani haqida so‘z yuritdi.

Jumladan, o‘tgan 7-yil ichida mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi, dedi Q. Rafiqov, – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Prezidentlikka saylangach, mamlakatda, eng avvalo, jamiyatning keskin o‘zgarishi yuz berdi. Biz o‘zaro qardosh va qondosh bo‘la turib o‘z qo‘shnilarimiz bilan ham ko‘ngildagidek munosabat o‘rnata olmaydigan holatda edik. Chegaralar yopiq edi. O‘zaro fuqaroviy munosabatlar haqida esa umuman gap ham yo‘q edi. Hozirda biz yaqin qo‘shnilar bilan butunlay do‘stona, yaqin va qardoshlik munosabatlarini o‘rnatdik. Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy sohalardagi hamkorliklarimiz tubdan o‘zgardi.

Sizga bitta misol tarzida bayon etsam, dedi Q.Rafiqov, – Kuni kecha O‘zbekistonda o‘z ishini yakunlagan Xalqaro Investitsiya Forumida 93 ta davlatdan 2500 dan ortiq investorning ishtirok etgani mamlakatimizning nechog‘li ochiq va demokratik tamoyillar asosida rivojlanayotgani, tanlagan yo‘li haqida dalolat berib turibdi.

Jamiyatda so‘z erkinligi, fuqarolarning barcha sohalardagi huquqlarini ta’minlash yo‘nalishida inqilobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu esa o‘z-o‘zidan kasaba uyushmalari faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolgani yo‘q. So‘nggi yillarda kasaba uyushmalari mustaqilligini ta’minlovchi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi. Kasaba uyushmalari inspeksiyasi qayta tiklandi, bu esa kasaba uyushmalari ustavida belgilangan vazifalarni bajarishda muhim omil bo‘lmoqda. Bugungi kunda O‘zKUF 6 milliondan ortiq a’zoga, 14 ta tarmoq, 14 ta hududiy tashkilot va 34 mingdan ortiq boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotiga ega. Kasaba uyushmalari qonun ijodkorligida ishtirok etish bo‘yicha katta vakolat va huquqlarga ega bo‘ldi. Bunga misol tarzida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga kasaba uyushmalaridan 500 dan ortiq taklif kiritilib, ularning 70 foizdan ortig‘i qonun hujjatlarida o‘z aksini topganini keltirish mumkin. Jamiyat hayotida katta tarixiy qadam sifatida qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida Kasaba uyushmalari tomonidan bildirilgan 200 dan ortiq taklif o‘z aksini topgani bu fikrni to‘la asoslaydi.

Har chorakda kasaba uyushmalari mamlakatda mehnatni muhofaza qilishning ahvoli to‘g‘risida hukumatga tahliliy ma’lumot kiritadi va uni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha barcha vazirlik va idoralarga mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vaziyatni tuzatish bo‘yicha topshiriqlar beriladi. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, u Bosh jamoa kelishuvining bajarilishini nazorat qiladi va bugungi kunda ushbu komissiyaga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raislik qiladi.

Qizg‘in muloqotlar chog‘ida Q.Rafiqov, shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xalqaro kasaba uyushmalar konfenderatsiyasining to‘laqonli a’zosi maqomini olish istagida ekanini ta’kidladi. Suhbat chog‘ida L.Triangl O‘zbekiston kasaba uyushmalarining qonun ijodkorligi, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnatni muhofaza qilish va boshqa sohalardagi faoliyatini yuqori baholadi.

Shu bilan birga, u O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakati bilan yaqindan tanishish uchun mamlakatimizga tashrif buyurish istagini bildirdi. Q.Rafiqov Bosh kotibning bu istagini to‘la qo‘llab-quvvatlashi hamda uning rahbarligidagi XKUK missiyasining mamlakatimizga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning rivojiga xizmat qilishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasining Yevropa kasaba uyushmalari konfederatsiyasi (EKUK) va Butunevropa mintaqaviy kasaba uyushmalari kengashi (BMKUK) Bosh kotibi Ester Linch bilan ham uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Q.Rafiqov Ester Linch e’tiboriga 2021-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari kengashi tashkil etilgani va uning o‘tgan yillardagi muvaffaqiyatli faoliyati haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, uchrashuvda turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkiloti faoliyati haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Ushbu ikki kasaba uyushma birlashmalari ham o‘z faoliyatini XKUK va EKUK bilan hamkorlikda hamda uyg‘un tarzda olib borayotgani alohida qayd etildi. Suhbat chog‘ida Linch xonim O‘zbekistonga tashrif buyurish va mamlakat kasaba uyushmalari harakati bilan yaqindan tanishish, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida bo‘lish hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida ekanini ta’kidladi. U Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo kasaba uyushmalari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

O‘zA