Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining xabar berishicha, joriy yil oktyabr oyida o‘zbekistonliklarning o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlash daromadlari mart oyidagi ko‘rsatkichdan 11 foizga oshgan. Ish haqi darajasi tiklanishda davom etmoqda.

Joriy yilning 21 dekabr kuni Markaz Jahon banki bilan birgalikda koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholovchi so‘rovning oktyabr oyidagi natijalarini sarhisob qildi.

Ushbu so‘rov fuqarolarning farovonligi va hukumat tomonidan olib borilayotgan islohotlarga nisbatan jamoatchilik fikrini baholash maqsadida “O‘zbekiston fuqarolarini tinglash” (Listening to Citizens of Uzbekistan, L2CU) loyihasi doirasida o‘tkaziladi. Ushbu loyiha 1500 xonadon o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar orqali Respublikamizning barcha hududlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni o‘rganishni nazarda tutadi. 2018 yildan beri loyiha doirasida 27 ta so‘rov o‘tkazildi. So‘nggi tur esa 2020 yil 21 oktyabrda bo‘lib o‘tgan edi.

Unga ko‘ra, aholi daromadlari va mehnat faoliyati sohasida aprel oyida o‘z o‘zini ish bilan ta’minlashdan olinadigan daromad darajasi mart oyiga nisbatan 68 foizga kamaydi. Sentyabr oyiga kelib vaziyat barqarorlashdi va oktyabr oyida yakka tartibdagi ish bilan bandlik darajasi mart oyidagi ko‘rsatkichdan 11 foizga oshdi. Ish haqi darajasi ham joriy yilning oktyabr oyida pandemiya darajasidan bir oz yuqoriligicha qoldi.

Mehnat bozorida tiklanish kuzatildi. Xususan, joriy yil aprel oyida kamida bitta ishlaydigan oila a’zosi bo‘lgan xo‘jaliklarning ulushi 2019 yilning tegishli davriga nisbatan 40 foizdan ortiq, joriy yilning iyun oyiga nisbatan esa 33 foizga kamaydi. Oktyabr oyida tiklanish jarayoni davom etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pasayish atigi 5 foizni tashkil etdi.

“Ishini yo‘qotgan yoki to‘xtatgan” holatlar soni aprel oyida 11 foizni tashkil etdi, keyin vaqtincha pasayish kuzatildi. Iyul va avgust oylarida “ishini yo‘qotganlar yoki ishlamay qolganlar”ning ulushi oktyabrda 2 foizgacha kamayib, yana o‘sishni boshladi. Ish bilan ta’minlashdagi uzilishlar asosan, o‘z o‘zini ish bilan band qilganlar orasida keng tarqalgan. Shunday qilib, aprel oyida o‘zini o‘zi ish bilan band qilganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 67 foizga kamaydi va avgustgacha 30 foiz darajasida qoldi hamda oktyabr oyida 14 foizga tushdi. O‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashning pasayishi qishloq joylarga qaraganda shaharlarda og‘irroq bo‘lgan. O‘zini o‘zi ish bilan band qilganlardan farqli o‘laroq, iyun oyida ish haqi olgan ishchilarning ish bilan bandlik darajasi 2019 yil darajasiga yetdi va erkaklar orasida ayollarga qaraganda tezroq tiklandi.

Moliyaviy farovonlik sohasida respondentlarning 13 foizi pandemiyadan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam olganligini ma’lum qildi. Yordam olish daromadlarning past darajasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu dasturlarning zaif oilalarga foyda keltirganligini ko‘rsatadi.

Migratsiya va pul o‘tkazmalari sohasida joriy yilning oktyabr oyida pul o‘tkazmalari oladigan   xo‘jaliklarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan deyarli o‘zgarmadi, ammo 2019 yil ko‘rsatkichidan past bo‘lmoqda. Aprel oyida har qanday pul o‘tkazmalarini olgan oilalar ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar kamaydi, may va avgust oylarida biroz tiklandi. Pul o‘tkazmalari olganlar orasida aprel oyida 2019 yilning shu davriga nisbatan jami pul o‘tkazmalari qiymati 67 foizga pasaygan. Joriy yilning oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkichning pasayishi o‘tgan yilning joriy davriga nisbatan 16 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, karantin cheklovlari tufayli avia parvozlarining qisqarishi natijasida rasmiy pul o‘tkazmalari o‘zgarishi bilan bog‘liq pul o‘tkazmalari hajmi 3 foizga pasayganligini ko‘rsatdi.

Inson farovonligi sohasida apreldan oktyabrgacha odamlarning hayotdan mamnunligini baholash sezilarli yaxshilanishni ko‘rsatdi. Xususan, shu yilning iyun oyida o‘z hayotidan mamnun bo‘lgan odamlarning ulushi aprel oyiga nisbatan 1,2 foiz darajaga kamaydi va oktyabr oyida 1,3 foizga o‘sdi.

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA