Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallabay tizimda yo‘lga qo‘yilgan islohotlarning odamlar hayotidagi ifodasini ko‘rish, navbatdagi rejalarni belgilash, qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish maqsadida 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatida bo‘ldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Urganch shahrida viloyat faollari va tarmoqlar mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida xorazmlik dehqon va fermerlarni, butun mehnatkash xalqimizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan yana bir bor tabrikladi.

– Xorazmga bu yil ikkinchi marta kelyapmiz. Maqsad – sizlarning ko‘zlaringizga qarab, viloyatdagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, yana nima imkoniyatlar bor, qanday tartib, qanday ko‘mak kerak, nima natija bo‘ladi, degan savollarni qo‘yib muloqot qilish. Balandparvoz gaplar bilan iqtisodiyotni yuritib bo‘lmaydi. Muammoni bilsak, qaror to‘g‘ri, adolatli bo‘ladi, – dedi Prezident.

Davlat rahbari «mahalla raisi – islohotchi» tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.

– Prezident bir yilda bir kelib, ko‘rib ketgani bilan natija bo‘lib qolmaydi. Har bir hokim, iqtisodiy kompleks rahbarlari hududdagi muammolar bo‘yicha tizimli ishlashi kerak. Chetdan kelib birov qilib bermaydi. Mana, kecha Xorazmdagi shahar va tuman hokimlari bilan gaplashdim. Qancha mablag‘ so‘rasa, berdim. Pulimiz ko‘pligi uchun emas, masala qo‘ya olgani uchun. Odamlar ham befarq bo‘lmasligi kerak. Mahalliy kengashlar, mahallalar talab qilishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmatlarni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, kam ta’minlanganlarni kambag‘allikdan chiqarish, mahallalardagi ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash kabi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar muhokama qilindi. Har bir shahar va tuman, mahallalarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, «o‘sish nuqtalari» belgilandi.

Xususan, Urganch shahrida to‘qimachilik va turizm, Xiva shahrida turizm va qurilish materiallari, Gurlan tumanida to‘qimachilik va issiqxona xo‘jaligi, Yangibozor tumanida issiqxona va meva-sabzavotni qayta ishlash, Tuproqqal’a tumanida mashinasozlik va elektr texnikasi kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish mumkinligi qayd etildi. Shu yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga vazirlik va banklar rahbarlari biriktirildi. Barcha loyihalar 16 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.

2021 yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollar bandligini oshirish maqsadlariga 500 milliard so‘m kredit resursi ajratilishi ma’lum qilindi.

Xorazm uchun drayver sohalardan biri – turizm. Shu bois viloyatda mehmonxona o‘rinlarini ko‘paytirish, salohiyatli mamlakatlardan Urganchga doimiy va charter reyslar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Ichki turizmni rivojlantirish uchun transport xizmatlarini yaxshilash, xususan, Farg‘ona vodiysidan avia va temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yib, buning dastlabki davrida 30 foizlik chegirma qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Keyinchalik bu tajriba Termiz, Samarqand va Buxoro shaharlari bo‘yicha ham qo‘llaniladi.

Amudaryo ustida Xorazmni Qoraqalpog‘iston bilan bog‘laydigan 413 metrlik ko‘prik, Qorao‘zak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yo‘l qurilishi aytildi. Yaqin uch yilda 2 ming 370 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Kelgusi yili viloyat bo‘yicha 2 ming xonadonli 100 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ta’lim, tibbiyot, madaniyat sohalarini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.

Prezident yig‘ilishda xorazmlik yoshlar bilan alohida suhbatlashdi. Har birini eshitib, takliflari bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

– Qiyin davrda, murakkab sharoitda yashayapmiz. Ana shu sharoitda har bir tuman, har bir mahallaning o‘z o‘rni, marralari bor. Xorazmning marrasi baland bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida bunyod etilayotgan yangi uylarni borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining ehtiyojmand aholini turar joylar bilan ta’minlashga oid farmon va qarorlariga muvofiq, “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida mamlakatimizda keyingi to‘rt yilda 46 ming 980 xonadondan iborat 1 ming 103 ta ko‘p qavatli arzon uy qurilib, foydalanishga topshirildi.

Xususan, joriy yilda 4 ming 256 kvartirali ko‘p qavatli uylar barpo etilmoqda. Bu qanchalab oilalarning orzu-havaslari ushaladi, degani.

Xorazm viloyatida ham kam ta’minlangan oilalarga mo‘ljallangan turar joylar qurilishi tegishli reja va dasturlar asosida amalga oshirilmoqda. 2020-2021 yillarda viloyatda 300 kvartirali ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda 84 kvartirali 2 ta ko‘p qavatli uy o‘z egalariga topshirildi.

Ayni paytda Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida 216 xonadondan iborat 4 ta 9 qavatli uyning qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Ilgari tashlandiq bo‘lgan bu joyda qisqa vaqtda – to‘rt oyda yangi imoratlar qad rostladi. Qurilish ishlari yakunlansa keyingi to‘rt yilda Xorazm viloyati bo‘yicha qurilgan ko‘p qavatli uylar 31 taga, ulardagi xonadonlar soni 1 ming 617 taga yetadi. Mana shu raqamning o‘zi viloyatda birgina sohada amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarga yaqqol misol.

Uylarni salohiyatli qurilish-pudrat tashkilotlari bunyod etmoqda. Xususan, uylardan birini qurayotgan “Shiddat monolit” xususiy korxonasining ishlari ham diqqatga sazovor. Korxona rahbari Temur Norboyevning ta’kidlashicha, xonadonlar tayyor holda, hamma shart-sharoitlari bilan birga topshiriladi. Qulay tomoni, ushbu uylarni 7 foizlik imtiyozli ipoteka krediti asosida, 20 yilda to‘lash sharti bilan olish mumkin.

Mazkur uylar monolit usulda, energiyatejamkor qurilish materiallaridan bunyod etilmoqda. Tashqi qismi bazalt qatlam bilan qoplangan, bu xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi.

Bahorda aholi mazkur uylarga ko‘chib kirib, hudud zamonaviy mavzega aylanadi.

Davlatimiz rahbari uyning shourumini kirib ko‘rdi. Mebellar, muhandislik tarmoqlarining sifatiga e’tibor qaratdi. Ko‘p qavatli uylarga malakali xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Ko‘p qavatli uylarni boshqarishni yaxshilash kerak. Isitish, kanalizatsiya bilan birga yong‘in xavfsizligini ham ta’minlash lozim. Ilgari bu masalaga e’tibor qaratilmagan. Ammo bugungi talab, shart-sharoitdan kelib chiqib yangi mavzelarni qurishda bu masalalar inobatga olinishi shart, – dedi Prezident.

Shu yerda Xorazmda amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari, xususan, Urganch shahrida yangi uylar, «Binary» xalqaro universiteti uchun yangi bino barpo etish, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, ko‘prik qurish, kommunal xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Matnazar ELMURODOV,

Ahmadjon SHOKIROV,

O‘zA muxbirlari