Yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabi

Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadioni oldidagi ochiq maydon o‘quvchi-yoshlar, ularning ustozlari, ota-onalari, harbiylar bilan gavjum bo‘ldi. Bu yerda Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiyamiz yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida ilk bor yoshlarning harbiy-vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi.

Mustaqillik yillarida yurtimiz yoshlari uchun milliy armiyamiz haqiqiy hayot maktabiga aylandi. Bu yillar mobaynida yoshlarning muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimi takomillashtirildi, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish, armiyamizni zamonaviy texnika, qurol-aslahalar bilan ta’minlash, Vatanimiz himoyachilarini ma’naviy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Amalga oshirilgan islohotlar Qurolli Kuchlarimiz safini har tomonlama yetuk harbiy xizmatchilar bilan to‘ldirishni sifat jihatidan yaxshilash imkonini bermoqda.

11.JPG

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning har tomonlama barkamol ulg‘ayishiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu ma’noda ta’lim muassasalarida vatanparvarlik tarbiyasi yo‘nalishidagi fanlar, mashg‘ulotlar joriy etilmoqda. Harbiy ta’lim yo‘nalishidagi litsey va kollejlar faoliyati takomillashmoqda.

Er yigit elga tortar. Ota-bobolarimiz hamisha bu maqolga amal qilgan. Vatani, aziz xalqi ozodligi, yurt farovonligi uchun kurashgan buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning so‘nmas shuhrati shundan dalolat. Prezidentimizning 2017 yil 5 iyundagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida bu o‘z aksini topdi. Farmonga muvofiq Sohibqiron bobomizning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi.

17.JPG

– Bu maktabda o‘qish biz uchun juda faxrli, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Toshkentdagi “Temurbeklar maktabi” o‘quvchisi Abdurashid Erkinov. – Bugungi tadbir qalbimizda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada yuksaltirdi. Kelajakda oliy harbiy bilim yurtida o‘qib, ota-onam orzuidagi harbiy bo‘lmoqchiman. Xalqimiz oldida o‘z burchimni fidokorona ado etishga astoydil harakat qilaman.

O‘zgacha shukuhli tadbirda Toshkent shahri va viloyati maktablari, akademik litsey va kollejlardan kelgan 6 mingga yaqin o‘quvchi-yosh, 200 ga yaqin harbiy xizmatchi qatnashdi. Ular e’tiboriga 30 ga yaqin zamonaviy harbiy texnika, qurol-aslaha, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv-sport texnik vositalari namoyish etildi.

9 (1).JPG

Yoshlar dala sharoitida ovqat tayyorlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish, harbiy texnika va qurol-aslahalardan foydalanish, favqulodda vaziyatlardan chiqish yo‘llari, umuman, harbiy kasb sir-asrorlari bilan tanishdi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlarining ko‘rgazmali saf mashqlari, qo‘l jangi bo‘yicha namoyishlari, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli ishtirokidagi kuy va qo‘shiqlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

– Harbiy akalarimiz bilan suhbatlashdik, harbiy texnika, qurol aslahalar bilan tanishdik, – deydi Chilonzor tumanidagi 164-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Shavkat Ro‘ziyev. – Bu bizda unutilmas taassurot qoldirdi. Menda harbiy bo‘lish istagi yanada kuchaydi.

Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda. Ulardan ko‘zlangan maqsad Qurolli Kuchlarimiz faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik, qadriyatlarimizga, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, o‘z taqdirini Vatan taqdiri, deb bilgan yoshlarimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini yanada kuchaytirishdir.

 

Ulug‘bek Asrorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA