O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik  ishlari va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Birinchi ob’ekt Yashnobod tumanidagi Texnopark bo‘ldi. Davlat rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ushbu innovatsiya texnoparki tashkil etilgan edi. O‘tgan qisqa vaqtda bu yerda zamonaviy industriya yo‘lga qo‘yildi.

Masalan, Toshkent aviatsiya zavodi ishlab turgan 2010 yilda 50 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, 30 million dollarlik eksport qilingan bo‘lsa, Texnoparkdagi barcha loyihalar natijasida 2021 yilda 520 million dollarlik mahsulot tayyorlanadi va 105 million dollarlik eksport qilinadi.

Shuningdek, ilgari 3 mingdan ziyod ish joylari bo‘lgan, Texnoparkda 6 ming 700 ga yaqin bo‘ladi. Ya’ni, mahsulot ishlab chiqarish 10 barobar, eksport 3,5 barobar, ish joylari 1,7 barobar ko‘payadi.

Texnopark 7 ta blokdan iborat. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Joriy yil fevralda elektron gaz hisoblagichlar korxonasi, avgustda maishiy sovutgichlar zavodi ishga tushirilgan edi. Boshqa loyihalar ham birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.

Prezident shunday yangi quvvatlar – lift va eskalatorlar, forma va qoliplar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari va sovutish tarmoqlari korxonalarida ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Lift korxonasida davlatimiz rahbari mahsulotlarning lokalizatsiya darajasi bilan qiziqdi. Hozir bu ko‘rsatkich 32 foizni tashkil etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent va boshqa shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda eng katta muammo liftlar bilan bog‘liqligini aytib, mahalliylashtirish darajasini oshirish evaziga tannarxni tushirish, eski liftlarni almashtirib, yangilariga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Zamonaviy liftlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha kadrlar tayyorlash kerakligi qayd etildi.

Ushbu loyiha shu sohada dunyoda yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri “Shanghai Mitsubishi” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Yiliga 2 ming dona lift ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Mahsulotlar qator afzalliklari bilan ajralib turadi. Korxona taklif etayotgan uskunalar barcha turdagi binolar, ma’muriy idoralar, savdo va ko‘ngilochar majmualar, turar joylar, mehmonxonalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan. Xavfsizlik va sifat ko‘rsatkichlariga to‘la javob berishini ta’minlash maqsadida hududda balandligi 60 metrli sinov minorasi tashkil qilingan.

Davlatimiz rahbari forma va qoliplar korxonasida yosh xodimlar ishini kuzatdi.

Korxonada sovutilgan holda shtamplash yo‘li bilan metallga shakl beruvchi qoliplar va quyish yo‘li bilan plastik mahsulotlarga shakl beruvchi press formalar ishlab chiqariladi.

Loyihaning samaradorligi yuqori bo‘lib, shu turdagi boshqa press forma uskunalari bir daqiqada 5 ta detal ishlab chiqarsa, ushbu korxona tomonidan foydalaniladigan shunday uskunalar bir daqiqada 20 ta detalni ishlab chiqaradi.

– Bunday korxonalar bir emas, bir nechta juda muhim iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni hal qiladi. Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlaydi. Eng asosiysi, bugungi yutug‘imiz – sanoatda yuqori texnologiyalarni amalda ishlata oladigan zamonaviy milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqyapti, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mahsulotlar sifatini ilg‘or mutaxassislar ta’minlashini, shu bois yoshlarni bunday korxonalarda ishlashga tayyorlash uchun o‘quv markazi tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Suv nasoslari ishlab chiqarish korxonasining yillik quvvati 550 ming donani tashkil etadi va 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyiha sohaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari “LEO” kompaniyalar guruhi hamda “Atlas Copco” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Mahsulotlar asosan, uy va qishloq xo‘jaligida, tomchilatib sug‘orish va issiqxona majmualarida, shuningdek, maishiy suv isitish tizimlarining ajralmas qismi sifatida foydalanishga mo‘ljallangan. Ishlab chiqarishda yuqori sifatni ta’minlash maqsadida zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari sanoat konditsionerlari va sovutish tarmoqlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda yiliga 80 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi. Loyiha natijasida 300 ta yangi ish o‘rni yaratishga erishiladi.

Ushbu jihozlardan ijtimoiy soha ob’ektlari va sovutish omborxonalarida birdek foydalanish mumkin.

Kelgusi yili Texnoparkda sovutuvchi vitrinalar, isitish radiatorlari, oshxona texnikalari, furnitura va aksessuarlar, mis quvurlar, izolyatsiya materiallari kabi bozorbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 9 ta korxona ishga tushiriladi.

Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev  poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan muloqot qildi.

– Toshkentda sifatli tibbiy xizmat va maktab ta’limiga qanday erishamiz? Meni shu savol qiynaydi. Sizlar bilan uchrashishdan maqsad quyi tizimdagi masalalarni bilish, to‘g‘ri yo‘l tutish, – dedi davlatimiz rahbari.

2020 yil barcha sohalar uchun katta sinov bo‘ldi. Tibbiyot xodimlari ham, o‘qituvchilar ham yangicha shart-sharoitda ishlashiga to‘g‘ri keldi.

– Og‘ir sinovlar paytida birlashdik. Bu sinovlar bizni izlanishga majbur qildi. Shuning uchun natija bo‘ldi, – dedi Prezident.

Ayni paytda, pandemiya qaysi sohalarda oqsash borligini, islohot, rivojlanish yo‘nalishlarini ham ko‘rsatib berdi. Joriy yil 30 oktyabr kuni ta’lim-tarbiya tizimi, 6 noyabrda esa sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlari shu maqsadga qaratilgan edi. Ularda muhokama qilingan dolzarb masalalar va bildirilgan takliflar asosida ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirish, birlamchi tibbiy muassasalar faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish bo‘yicha Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilindi.

Uchrashuvda ta’lim va tibbiyot sohalaridagi islohotlarning ahamiyati, ularni quyi tizimda amalga oshirish choralari haqida suhbatlashildi.

Shavkat Mirziyoyev aholi sog‘liqni saqlash tizimidan norozi ekanini ta’kidladi.

– Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Ko‘pchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi, – dedi Prezident.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilg‘or tajribasini joriy etish, tibbiyot muassasalari sharoitini yaxshilash bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlari aholi salomatligi, yosh avlod kamolotida hamohang ekani ta’kidlandi.

– Tibbiyot va ta’lim – davlat va xalq o‘rtasidagi adolat ko‘prigi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. – Hammamiz o‘zimizni qiynab, halol bo‘lib, bu tizimlarni to‘g‘rilab olsak, ana shunda adolat ta’minlanadi. Xalqimiz rozi bo‘ladi. Toshkent bunda namuna bo‘lishi kerak.

Davlatimiz rahbari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishini borib ko‘rdi.

Markaz o‘z nomi bilan ko‘p tarmoqli. Bu yerda jarrohlik, reanimatsiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, umumiy terapiya, nefrologiya, pulmonologiya, gepatologiya, allergologiya, kardiologiya, qon-tomir jarrohligi, kardio-reanimatsiya, stomatologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va boshqa ixtisoslashtirilgan bo‘limlar bo‘ladi. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda ko‘rsatiladi.

– Bunday, hamma yo‘nalishni qamrab olgan klinikani boshqarish tajribasi bizda yo‘q. Shuning uchun bu yerni boshqarishni tajribali xorijlik menejerlarga berish, ularni hozirdan jalb etib, qurilish va jihozlash bo‘yicha takliflarini olish zarur, – dedi davlat rahbari.

Markazda 600 ta koyka bo‘ladi. Ambulator va statsionar tartibda 200 dan ortiq tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Yiliga 3 mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish mumkin bo‘ladi.

Prezident Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda quriladigan klinikalarni ushbu markaz bilan bog‘lash muhimligini ta’kidladi.

– Bemorlar uchun eng azoblisi – yo‘l. Uzoq hududlardagi kasallarga masofadan tashxis qo‘yish va davolashni tashkil etib, xalqimizni shu qiyinchilikdan xalos qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ilg‘or xorijiy tibbiyot markazlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning yetakchi mutaxassislari markaz faoliyatiga keng jalb etiladi. Markaz faoliyatini tashkil etishda xalqaro aloqalarga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlikda chet ellik shifokorlar ishga olinishi mo‘ljallangan.

Bu yerda 250 nafar shifokor, 500 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ishlaydi. Malakali kadrlar tayyorlash maqsadida ta’lim-amaliyot-ilm-fan integratsiyasiga keng o‘rin beriladi.

Xalq tilida «eski ToshMI» deb yuritiladigan hududda qurilayotgan ushbu zamonaviy shifoxonani kelgusi yil dekabrda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga tashrif buyurdi.

Bu yerda kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo‘limlari uchun 75 o‘rinli yangi bino qurilmoqda. Buning natijasida mazkur murakkab yo‘nalishlarda zamonaviy sharoit yaratiladi hamda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish qamrovi oshadi.

Ushbu bo‘limlarda yiliga qo‘shimcha 3 ming bemorga yuqori texnologik shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga imkoniyat yaratiladi.

Hozirgi kecha-kunduzda kardiojarrohlik bo‘limida 400 ziyod amaliyot bajariladi. Yangi bino foydalanishga topshirilgach, mazkur bo‘limda yiliga 700 dan ortiq ko‘tariluvchi aorta va yurak klapanlarni protezlash, ko‘p tomirli aorta-koronar shuntlash operatsiyalarini o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Transplantologiya bo‘limida ayni vaqtda yiliga 100 ta amaliyot bajariladi. Yangi bo‘limda esa yiliga 300 dan ziyod buyrak va jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlarini yo‘lga qo‘yishga erishiladi.

Neyro-qon tomir xirurgiyasi bo‘limida bosh miya qon-tomir nuqsonlarini jarrohlik yo‘li bilan davolash natijasida yiliga 200 dan ziyod nogironlikka mahkum bemorlar uchun noyob amaliyotlar o‘tkaziladi. Hozirgi paytgacha bu bo‘limda 50 tagacha bemor muolaja qilingan.

Bundan tashqari, intervension muolajalar bo‘limida har yili qo‘shimcha mingdan ziyod o‘tkir koronar sindrom, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishida yuqori darajadagi minimal invaziv diagnostika va davolash muolajalari amalga oshiriladi.

Shuningdek, binoda reanimatsiya bo‘limi, intensiv davolash o‘rinlari, amaliyot bo‘limlari, yuqori texnologik uskunalarga ega tashxislash bo‘limi bo‘ladi. Yangi imorat 2021 yilda foydalanishga topshiriladi.

Mazkur bo‘limlarda ishlaydigan shifokorlar Avstriya, Turkiya, Yaponiya va Finlyandiyadagi tibbiy ilmiy markazlarda malaka oshirdi.

Prezident yangi bo‘linmalar qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu shifoxona ilmiy markaz ekaniga alohida urg‘u berib, malakali xizmat qamrovini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun uni birlamchi bo‘g‘in bilan bog‘lash, chet eldan olimlarni jalb etib, joylardagi shifokorlar bilan tajriba almashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

– Bizda tez tibbiy yordamning tumanlarda ham filiali bor. Kelasi yilda bu binoni qurib bitkazib, viloyatlardagi filiallar bilan telemeditsina orqali bog‘lash kerak. Shunda joylardagi tez tibbiy yordam bo‘limlari ham odamlarga tezkor, yuqori malakali yordam ko‘rsata oladigan maskanlarga aylanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xalqimiz ma’naviy saviyasini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda milliy kino san’atining o‘rni beqiyos. O‘zbek kino san’atining o‘z yo‘li va an’analari, san’atimiz darg‘alari ijrosida yaratilgan unutilmas kartinalarimiz bor.

Mustaqillik yillarida ana shu an’analarni davom ettiradigan, kino san’atimizda burilish bo‘ladigan asarlar yaratildi. Ammo o‘tgan asrda jadal faoliyat olib borgan kinoindustriya korxonalari yaqin o‘n yillar davomida turg‘unlik davrini boshdan kechirdi. Faqat yengil-yelpi, tijorat kartinalari yaratilib, soha rivoji dunyodan ortda qolib ketdi.

Sifatli filmlar yaratish uchun moddiy-texnik baza yetarli emasligi, filmlarga ajratiladigan byudjet mablag‘lari kamligi, mualliflik huquqlarini himoya qilish to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmagani, kinota’lim masalasiga jiddiy yondashilmagani kino san’ati rivojiga to‘siq bo‘ldi.

Ushbu muammolarni bartaraf etish, milliy kinematografiyani bugungi zamonga mos rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda sezilarli qadamlar tashlandi. Sohaga e’tibor va rag‘bat berilgani bois kinoasarlar mazmuni o‘zgardi. Xususan, «Imom Termiziy», «Islomxo‘ja», «Elparvar», «Qo‘qon shamoli», «101», «Ibrat» kabi tarixiy filmlar ishlandi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga joriy yilgi Murojaatnomasida kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurish lozimligini ta’kidlagan edi.

“Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonun va O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha kinematografiyani rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda o‘zbek kinematografiyasining strategiyasi, kino industriyani rivojlantirish, sohaga bozor mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi bunyodkorliklar bilan tanishish jarayonida “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga ham tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar bilan tanishdi.

“O‘zbekfilm” uzoq yillar davomida ta’mirtalab holda, yarim quvvatda ishlab keldi, pavilonlarda sharoit yo‘qligi, eskirgan texnik uskunalar sifatli kinoasarlar yaratishda qiyinchiliklar tug‘dirar edi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohaga katta mablag‘ yo‘naltirildi. Xususan, “O‘zbekfilm”dagi barcha pavilonlar ta’mirlanib, yangi kartinalar suratga olish uchun sharoit yaxshilandi. Mazkur kinostudiya va hujjatli filmlar studiyasini zamonaviy texnikalar bilan jihozlash davom etmoqda.

Prezidentimiz shu yerda kino san’ati faxriylari, rejissyorlar, soha mutacaddilari bilan suhbatlashdi.

– Kino juda murakkab, xalqimiz, jamiyatimiz uchun muhim soha, – dedi Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda. – Ilgari  “O‘zbekfilm” studiyasi xaroba holga kelib qolgandi. Ko‘p joylari, binolari ijaraga berib yuborilgandi. Mana, hammasi o‘z egasiga – kinochilarga qaytarildi.

Globallashuv va internet hayotimizni o‘zgartirayotgan bugungi kunda kino san’ati odamlar didi va e’tiborini qozonishi uchun raqobatbardosh bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Mamlakatimizda kinoijodkorlarga e’tibor qaratilayotgani, sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, badiiy yetuk asarlar yaratish rag‘batlantirilishi qayd etildi.

– Oxirgi yillarda yaratilgan kinolarimizning soni kam bo‘lsa ham, ma’nosi bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbek tomoshabini faqat chet el teleseriallari ta’siriga tushib qolmasligi, aksincha, tariximiz, san’atimiz, adabiyotimiz, qadriyatlarimizni yaxshi bilishi, shu ruhda tarbiya topishi kerakligi ta’kidlandi.

– Kino – tarbiyaning zamini. Bu ijodning maktabini ochishimiz kerak. Hozir mukammal filmlar yaratishga havasimiz bor, lekin sifatlisi kam. Yurtimiz tarixi haqida albatta film bo‘lishi kerak. Bunga vaqt keldi, – dedi davlatimiz rahbari.

Eng sara o‘zbek filmlari 100 taligini tuzib, davlat va xususiy telekanallarda namoyish qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Prezidentimiz milliy kino san’atimiz fidoyilarini e’tirof etish maqsadida har bir hudud umumta’lim maktablariga Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, Lutfixonim Sarimsoqova kabi el sevgan ijodkorlar nomini berishni taklif qildi.

Jahon kinosanoati yutuqlarini o‘rganish va tatbiq etish, ijodkorlar malakasini oshirib borish, xususan, yoshlarni Rossiya davlat kinematografiya institutida o‘qitish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Shuningdek, bolalar uchun kinostudiya tashkil kilish g‘oyasi ham ilgari surildi.

Uchrashuvda Kinoarboblar uyushmasi raisi o‘rinbosari Matyoqub Matjonov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyev, Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi direktori Bahodir Odilov, rejissyor Rustam Sa’diyev, aktyor Farhod Mahmudovlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda kino san’atiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va rag‘bat uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Bu g‘amxo‘rlik ijodkorlarni ilhomlantirgani, endilikda ular milliy kino san’atimizni jahonga olib chiqish uchun yanada ko‘proq izlanishi ta’kidlandi.

Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Chilonzor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish masalalari muhokamasi yuzasidan mahalla raislari, yoshlar, mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

– Bugun tumanda «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, iqtisodiyotni kompleks rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari tadbir avvalida.

Chilonzorda 51 ta mahalla bor. Iqtisodiy faol aholining 9 foizi ishsiz. Kishi boshiga sanoat hajmi Toshkent shahridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar past.

Shu bois mahallalardagi rezervlar o‘rganilib, tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqildi. U yettita asosiy yo‘nalishni qamrab olgan.

Dasturga ko‘ra, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika, zargarlik kabi sohalarda umumiy qiymati 10 trillion 238 milliard so‘mlik 298 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan.

Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, yo‘l va kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, tibbiyot va ta’lim sohalarida yangi islohotlarni joriy etish, jinoyatchilikni qisqartirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilandi.

– Agar mahallabay ichiga kirsak, odamlar adolatni sezadi, – deya ta’kidladi Prezident.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishga kelgan yoshlarning fikrlarini tingladi. Ularning barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlab, ijrosi bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

– Toshkentda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shahar yoshlari forumi o‘tkaziladi. Toshkent yoshlari karvonboshi bo‘lishi kerak.

Poytaxt tumanlarida «loyihalar fabrikasi» tashkil etilib, yoshlarning biznes tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.

– O‘zbekistonning ertangi kunini peshona terimiz bilan yaratamiz. Kim bu ishlarni qiladi? Vatanni sevgan, fidoyi insonlar! Yo‘limiz bitta: odamlarga halol xizmat qilish, xalqimizning roziligiga erishish, – dedi davlat rahbari yig‘ilish yakunida.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV,

Matnazar ELMURODOV,

O‘zA