Bunyodkorlik loyihalari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni qurilish sohasiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumki, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida bu ishlarni har tomonlama chuqur o‘ylab loyihalashtirish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu asosida loyiha qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtirildi. Unga ko‘ra, katta masjid, to‘rtta minora va keng ayvonlar qurish, xiyobon, uning atrofida mehmonxonalar hamda boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz taqdimot bilan tanishar ekan, ziyoratchi va boshqa sayyohlar uchun qulayliklarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev bugungi taqdimot chog‘ida majmuani jahon andozalari darajasida sifatli qurish, ziyoratchilarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at muzeyining yangi binosi loyihasi ham muhokama qilindi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasi bilan dunyoga mashhur yapon me’mori Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq, muzeyning mavjud binosi yonida aylana shaklida 3 qavatli yangi inshoot qad ko‘tarishi ko‘zda tutilgan.

Bu qurilishning ahamiyati shundaki, muzeyning hozirgi sharoiti bilan mavjud eksponatlarning bor-yo‘g‘i 3 foizini namoyishga qo‘yish mumkin. Yangi imorat qurilgach, ushbu san’at dargohining ko‘rgazma maydoni kengayadi.

Muzey binosini rekonstruksiya qilish loyihasi ob’ektning tarixiy qiymati va yaxlitligini saqlab qolgan holda me’morchilikdagi zamonaviy tendensiyalarni hamda bugungi kunning ijtimoiy arxitekturasini aks ettiradi, poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.

Davlatimiz rahbari 16 oktyabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko‘rganida bu yerda soha klasteri tashkil etish, hududni quruvchilar massiviga aylantirish lozimligi yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Shu maqsadda institut atrofidagi maydonlar ham qo‘shilib, yangi loyiha ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi yonida qurilish kolleji, qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriya, yotoqxonalar, sport majmuasi va boshqa ob’ektlar barpo etilishi mo‘ljallangan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami kengaydi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar qurilib, aholining eng muhim talabi qondirilmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham shu kabi ishlar rejalashtirilgan. Xususan, Termiz shahrining Beruniy ko‘chasida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, masjid, mehmonxona, turar joylar, mahalla guzari va ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari joylashgan. Mazkur markaziy ko‘chaning yangi loyihasiga ko‘ra, rekonstruksiya va qurilish ishlari amalga oshiriladi. Denov tumanining Nurli manzil va Lochin mahallalarida energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy muassasalar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari haqida ham ma’lumot berildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari shu yil 12 iyun kuni poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘lib, uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergan edi. Xususan, Toshkent tumanining bir qismini Olmazor tumaniga o‘tkazib, yangi turar joylar va korxonalar barpo etish taklif qilingandi.

Bugun taqdim etilgan loyihaga binoan, 200 gektardan ziyod ushbu hududda 150 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, maktab, bolalar bog‘chasi, istirohat bog‘i, tijorat zonasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir loyiha poytaxtimizdagi “Navro‘z” qabullar uyidan samarali foydalanishga oid. Ushbu majmuani kapital ta’mirlab, Davlat ishtirokidagi korxonalarni sog‘lomlashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda tadbirkorlarga ma’lumotlar ochiq va shaffof tarzda taqdim etiladi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Temurbeklar maktabi qurilishiga doir taqdimot bilan ham tanishdi va zarur ko‘rsatmalar berdi.

  20.11.2020, 08:04  |    129 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!