O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev pandemiya sharoitiga qaramay, iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish, odamlar hayotini yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida 12 noyabr kuni Qashqadaryoga keldi.

Davlat rahbari viloyatga safarini Shahrisabz tumanidagi “Oqsaroy Vortex” mas’uliyati cheklangan jamiyatda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdan boshladi.

Bu yerda “Oqsaroy Group” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Oqsaroy Textile” va “Oqsaroy Vortex” korxonalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda umumiy qiymati 54 million dollarlik 3 ta loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilangan edi. Buning natijasida 1 ming 630 ta ish o‘rni yaratish, yiliga 22 million AQSH dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqichda 2014 yili “NBU invest” kompaniyasidan “Oqsaroy Textile” korxonasining 21 million AQSH dollarlik 100 foiz ulushi sotib olinib, modernizatsiya ishlari natijasida bu yerda yiliga 9 ming tonna ip-kalava, 4 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Ushbu korxonada o‘tgan yili 6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 8 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Ikkinchi bosqichda shu yil oktyabr oyida “Oqsaroy Vortex” korxonasi faoliyat boshlab, sun’iy va tabiiy toladan kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Loyiha qiymati – 15 million AQSH dollariga teng bo‘lib, yiliga 3 ming tonna kalava ip, 5,5 ming tonna sun’iy tolali ip, 3,5 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eksport hajmi yiliga 7 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Uchinchi bosqichda ushbu korxonalar yonida yana bitta to‘qimachilik fabrikasi barpo etilib, kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 18 million AQSH dollari bo‘lgan bu loyiha natijasida yiliga 7 ming tonna kalava ip, 2,1 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarishga erishiladi. Kelasi yil ishga tushadigan loyiha natijasida 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini, kalava ip va tayyor mato namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Korxonaning an’anaviy ip-yigiruv fabrikalaridan asosiy farqi – bu yerda Yaponiyaning «Murates» kompaniyasida ishlab chiqarilgan Vortex texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Mazkur texnologiyaning afzalligi kalava ip to‘qilayotganda tola markazlashgan aerodinamik havo bosimi orqali o‘tkaziladi. Natijada ipning tukdorligi kamayadi, sifati ortadi.

Davlatimiz rahbari sohaning iqtisodiy jihatiga e’tibor qaratdi. Shu nuqtai nazardan, to‘qimachilik sanoatiga oid loyihalarni uch yo‘nalishda tashkil etish kerakligini ta’kidladi.

Birinchidan, Qashqadaryoning paxta yetishtiriladigan sakkizta tumanida “Oqsaroy Vortex” namunasidagi to‘qimachilik korxonalarini tashkil etish, ularni barpo etishda arzon konstruksiyali materiallardan foydalanish bo‘yicha topshiriq  berildi.

– Ikkinchidan, barcha klasterlarni kooperatsiya qilib, sun’iy tola ishlab chiqarish bo‘yicha bitta alohida loyiha qilish kerak. Uchinchidan, yog‘ochdan tabiiy tola – viskoza ishlab chiqarishni mahalliylashtirish lozim, – dedi Prezident.

– Bu milliy-iqtisodiy tizim bo‘ladi. Mana shu bilan biz Qashqadaryo viloyatini to‘qimachilik loyihalari bilan to‘la qamrab olamiz. Tannarxni arzon qilib, sakkizta korxonani ishga tushirsak, qo‘shimcha qiymat bilan ko‘plab ish joylari yaratishga erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xomashyodan – tayyor mahsulotgacha tamoyili asosida viloyatda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, buning uchun taniqli xorijiy brendlarni jalb etish, klasterlar faoliyatini tahlil etib borish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Toshkent shahri va viloyati hududidan o‘n gektar yer ajratib, “Oqsaroy Group” kompaniyasi negizida to‘qimachilik texnoparki tashkil etish va mahsulotlarning onlayn savdosini yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi.

O‘zbekistondagi barcha tekstil ishlab chiqaruvchilar bir joyga jamlanadigan mazkur texnoparkda ularning do‘konlari va omborlari bo‘ladi. Texnopark birinchi navbatda ishlab chiqaruvchilarga eksport masalasiga ko‘maklashadi.

Shu yerning o‘zida Qashqadaryo viloyatida 2020-2022 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya rejalari, paxta tolasini qayta ishlash darajasini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Davlat xizmatlari markazi va IT-texnopark faoliyatini ko‘zdan kechirdi.

Ayni payt Davlat xizmatlari markazi orqali aholiga 140 dan ziyod xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Bu yerda elektron navbat tizimi joriy qilingan, maxsus infokiosklar, elektron auksionda ishtirok etish uchun maxsus joy, investorlar va tadbirkorlar bilan biznes-uchrashuvlar o‘tkazishga mo‘ljallangan xona mavjud. Shuningdek, anjuman va seminarlar uchun konferens zal, bufet, kutubxona va bolalar maydonchasi tashkil etilgan.

To‘lovlarni amalga oshirish uchun bank kassasi, bankomatlar ishlab turibdi. Bu yerda yana notarius, FHDYO bo‘limi, sug‘urta tashkiloti filiallari faoliyat ko‘rsatadi. Xalq qabulxonasi va Bosh vazir qabulxonasida fuqarolarning shikoyatlari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, Toshkentda sinov tarzida yo‘lga qo‘yilgan “Surdo-online” platformasi ilk bor Qarshi shahrida o‘rnatildi. Ushbu tizim imkoniyati cheklangan shaxslarga davlat xizmatlaridan cheklanmagan tarzda, qulay va tezkor foydalanishda yordam beradi. Ushbu platforma orqali surdo tarjimonlik mutaxassisligiga ega yoshlar ish bilan ta’minlanmoqda.

Ushbu markaz orqali bugunga qadar 300 mingdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, 2 mingga yaqini filiallar orqali, mingga yaqini esa sayyor tarzda amalga oshirildi. Bir kunda muassasa xodimlari 700-800 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatadi. Tezkor internet, zamonaviy texnik vositalar va kutish zali fuqarolarga qulay davlat xizmatlarini taqdim etishga mo‘ljallangan.

Prezident markazdagi sharoit bilan tanishdi. Odamlar talabidan kelib chiqib, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Xususan, Qarshi shahridagi mahallalarda davlat xizmatlarini tashkil etish kerakligi alohida ta’kidlandi.

– Odamlar bu markazga emas, aksincha markaz mahallalarga kirib borib davlat xizmatlarini joyida ko‘rsatsin. Shunda bu markazlarni tashkil etishdan ko‘zlagan maqsadga erishiladi, qaysi sohalarda xizmatlarga ehtiyoj borligi ayon bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

bugungi kunda IT-texnoparkda 15 nafar yosh veb-dizayner, dasturchi va robototexnik faoliyat boshlagan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yosh dasturchilarni tayyorlash kurslari tashkil etilgani natijasida axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlarga dasturiy mahsulotlar yaratishda qulaylik yaratildi.

Ilk yutuqlarga ham erishildi. Talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan “mGovAward” eng yaxshi davlat mobil ilovasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlovda qashqadaryolik yoshlar jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ular yaratgan chet tillarini masofaviy o‘qitish mobil ilovasini takomillashtirish uchun 50 ming AQSH dollari mukofot ajratildi.

Prezidentimiz texnoparkda yoshlarga qulay muhit yaratish, bu yerga kelayotgan yoshlar safini kengaytirish bo‘yicha takliflar berdi. Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari va IT-texnoparklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbari Qarshi shahrida qashqadaryolik o‘qituvchi va murabbiylar, tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

Ma’lumki, 30 oktyabr kuni ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, 6 noyabrda esa sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inini tubdan o‘zgartirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazilgan edi. Bu ikki soha bo‘yicha Prezidentning alohida farmon va qarori ham qabul qilindi.

Uchrashuvda ta’lim va tibbiyot sohalaridagi islohotlarning ahamiyati, joylarda amalga oshirish choralari haqida so‘z bordi.

– Bu ikki sohani rivojlantirmasdan turib raqobatbardosh mamlakat bo‘la olmaymiz. Kelajakni sog‘lom millat, bilimli avlod quradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etish joizki, Qashqadaryoda maktablar ahvoli ham, tibbiy xizmat sifati ham qoniqarsiz. Muammolar juda ko‘p. Ota-onalar ta’lim tizimidan norozi. Aksariyat aholining turmush tarzi, ovqatlanish ratsioni to‘g‘ri emas. Shu bois bu sohalarda boshlangan islohotlar  viloyat uchun o‘ta muhim va zarur.

Shavkat Mirziyoyev bu boradagi yangi ish tizimidan maqsadi, pedagog va shifokorlardan kutayotganlari haqida ko‘nglidagi gaplarni aytdi. Maktab direktorlari, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlarining fikr-mulohazalarini eshitib, takliflarini qo‘llab-quvvatladi.

– Ta’limdagi ishlar ham, tibbiyotdagi ham igna bilan quduq qazishdek gap, natijasi tez ko‘rinmaydi. Buning uchun mashaqqatli mehnat, katta fidoyilik kerak. Boshlangan islohotlarning amalga oshishi, xalqimizning rozi bo‘lishi shunga bog‘liq. Bu yo‘lda sizlarga ishonaman, suyanaman, – dedi Prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida ochilgan Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasini borib ko‘rdi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobatni rivojlantirish – sifat, unumdorlik va taraqqiyotning muhim omili. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 oktyabr kuni qabul qilingan «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni shu maqsadga qaratilgan.

Ushbu masala bo‘yicha 28 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu borada aholiga batafsil ma’lumot beradigan maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish zarurligini ta’kidlagan edi. Shunga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari ochildi. Shuningdek, kunu tun ishlaydigan 1082 raqamli koll-markaz yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur klinikalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari tomonidan boshqariladi. Ularning faoliyatida Savdo-sanoat palatasi, Bosh vazir qabulxonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy boshqarmalari va hokimlik vakillari doimiy ishtirok etadi. Bundan tashqari, so‘rovga asosan boshqa vazirlik va idoralar, tijorat banklari xodimlari ham jalb etilishi mumkin.

Qarshi shahridagi bunday klinikada iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, informatsion xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar biriktirilib, infokiosklar o‘rnatilgan. Bu yerda xususiylashtirishga qo‘yilgan ob’ektlar, ularning manzili, holati, sohadagi tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.

Klinika binosida Qashqadaryodagi yirik korxonalar va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning doimiy ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. Majlislar zali, muzokara xonalari, eksportchilar uyushmasi va o‘quv markazlari joylashtirilgan.

– Xususiylashtirish – qo‘shimcha qiymat va ishchi joylar yaratadigan muhim masala. Har bir ob’ektning egasini topib, ishni yo‘lga qo‘yib yuborish kerak. Bu esa tadbirkorga imkoniyat, mahalliy byudjetga tushum, – dedi davlat rahbari.

Shu yerda Shahrisabz, G‘uzor, Nishon va Dehqonobod tumanlarini rivojlantirishning «o‘sish nuqtalari» bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Masalan, 2015 yilda Nishon tumani mahalliy byudjetida umuman mablag‘ qolmas edi. Hokimlarga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish va ishlatish imkoniyati berilgach, ushbu hudud iqtisodiyoti ham rivojlana boshladi. Joriy yilning 9 oyida Nishon tumani byudjetiga 6 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushdi. To‘rtinchi chorakda yana 4 milliard bo‘lishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu tizimda ishlarni davom ettirib, har bir hududning «o‘sish nuqtalari»ni ishga solib, qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan ijtimoiy muammolarni hal qilish, uylar, yo‘llar qurish, kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Yoshlar markazida bo‘lib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Shu yerda qashqadaryolik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

– Men sizlarning ko‘zlaringga qarab, ochiq muloqot qilgani keldim. Hamma yoshlar bilan ko‘rishishni xohlardim, lekin, afsuski, buning iloji yo‘q. Siz ularning vakillari o‘rnida joylardagi muammolarni, yoshlar istaklarini aytishingizni istardim. Shuning uchun qo‘rqmasdan, o‘z ota-onalaringga nima deyishni xohlasalaring, hamma fikrlaringni bemalol aytinglar, – dedi davlat rahbari.

Uchrashuvda yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyatida 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha pastda ekani qayd etildi.

Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yillik rejaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari muboraklik yoshlarning taklifini qanoatlantirib, tumanda IT-park tashkil etish, elektron tijorat va dasturlash ko‘nikmalarini bepul o‘rgatish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.

Kitob tumanidagi 150 o‘rinli Bolalar musiqa va san’at maktabida 310 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Mazkur muassasa o‘quvchilari uchun yetarli sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Viloyat yoshlarining sportga qiziqishini inobatga olib, maktablarda sport zallari qurish, majmualarda to‘garaklarni ko‘paytirish zarurligi aytildi. Inventarlar va anjomlar sotib olish uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hisobidan 10 milliard so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.

Yaqinda Serbiyada bo‘lib o‘tgan sambo bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi Musharraf Ibodullayeva davlat granti asosida o‘qishga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Uchrashuvda turli sohalarda o‘qiyotgan va ishlayotgan yoshlarning fikrlari eshitildi. Takliflari ma’qullanib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

– Mendan eng katta maqsad-muddaoing, baxting nima, deb so‘rasalaring, shunday degan bo‘lardim: yoshlarimizning dunyoqarashini jahon darajasiga ko‘tarish, ishli qilish, g‘urur-iftixorini yuksaltirish, oilaviy baxtini ko‘rish, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Matnazar ELMURODOV,

Abdulaziz MUSAEV,

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA