Oʻzbek tili bayrami nishonlandi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganining 31 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi masʼullari, tilshunos olimlar, hudud faollari va yoshlar ishtirok etdi.
photo_2020-10-21_19-15-20.jpg
Taʼkidlanganidek, har bir xalqning oʻzligini namoyon qilishida, jamiyatning rivojlanishida til gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlib, til xalqning tarixini, maʼnaviy qadriyatlarini, madaniy merosini, urf-odat va dasturlarini oʻzida mujassam etgan bebaho xazinasi hisoblanadi. Shuning uchun ham joriy yilda ushbu bayramning “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida oʻtkazilishi bejiz emas. Sababi davlat tili bu yurtimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida muhim oʻrin egallab kelayotgan bebaho merosdir.
Bugungi globallashuv davrida har bir xalq oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. Bugun yurtimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
photo_2020-10-21_19-15-30.jpg
Shu bois soʻnggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda davlat tilini rivojlantirishga, uni yana-da boyitish va sof holida kelajak avlodga yetkazishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada ensiklopediya va lugʻatlarni, darsliklar bilan oʻquv qoʻllanmalarini nashrdan chiqarish kabi bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi davr talabidan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha ham keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, oʻtgan yilning 21-oktyabr kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmonining qabul qilingani, mazkur farmonga muvofiq, 21-oktyabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilingani, “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining qabul qilingani, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgani, shuningdek, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish boʻyicha “Atamalar komissiyasi”ning tashkil etilgani yurtimiz mustaqilligining maʼnaviy asoslarini mustahkamlashda, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni milliy qadriyatlarga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
photo_2020-10-21_19-15-37.jpg
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bugungi bayram oldidan Prezidentimiz tomonidan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonning qabul qilinishi yurtimizda oʻzbek tilining obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash, yurtimizdagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilashda muhim oʻrin egallaydi.
Tadbirda bir guruh faollarga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni, oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilariga esdalik sovgʻalari topshirildi.
photo_2020-10-21_19-15-41.jpg
– Bayram munosabati bilan davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan bayram tabrigini hududda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillari katta xursandchilik bilan kutib oldi, – deydi “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni sohibi, shoir Sharapatdin Ayapov.
– Tabrikda taʼkidlanganidek, bugungi kunda biz yangi Oʻzbekistonni, uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.
photo_2020-10-21_19-15-48.jpg
Tadbir doirasida sanʼat ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan tadbirlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida oʻtkazilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA