Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqboli muhokama qilindi

Mamlakatimiz hukumati delegatsiyasining Kobul shahriga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi vazirlik va idoralari rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nisor Ahmad Goryoniy, transport vaziri vazifasini bajaruvchi Qudratulla Zakiy, jamoat ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi Najibulloh Yamin, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari, Oʻzbekiston tomonidan esa Investitsiyalar va tashqi savdo, Tashqi ishlar, Energetika vazirliklari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va boshqa davlat tashkilotlari rahbariyati ishtirok etdi.
Muloqot davomida ikki davlat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va energetika sohalariga urgʻu berilgan holda, koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlashga oʻzaro tayyorlik bildirildi.
photo_2020-10-21_19-40-16.jpg
Toʻqimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqlari, avtomobil va qishloq xoʻjaligi texnikasi, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi eng istiqbolli sohalarda yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali sanoat hamkorligini yana-da kengaytirish, diversifikatsiya qilish uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Afgʻonistonning bir qator sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish boʻyicha ishga tushirilgan loyihalarni implementatsiya qilish bilan bogʻliq amaliy ishlar koʻrib chiqildi.
Tomonlar oʻzaro savdo rivojlanishining ijobiy tendensiyasini taʼkidladilar – faqatgina 2020-yil birinchi yarmida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan savdo aylanmasi 24 foiz oʻsishiga erishildi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatidan toʻliq foydalanish hisobiga oʻzaro savdoni yana-da oshirish uchun keng imkoniyat mavjudligi qayd etildi. Savdo jarayonida mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish hamda oʻzbek va afgʻon kompaniyalari tomonidan tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi uchun sharoitlarni optimallashtirish boʻyicha istiqbolli takliflar oʻrtaga tashlandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi Bitim loyihasini tayyorlash boʻyicha ikki mamlakat tegishli idora va vazirliklari birgalikda amalga oshirishi lozim boʻlgan ishlarni faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Xalqaro savdo hajmi global ravishda pasayishi kuzatilgan bir paytda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida oʻzaro yuk tashish hajmi barqaror oʻsish surʼatini namoyon etayotgani taʼkidlandi – joriy yil yanvar-sentyabr oylari oraligʻida temir yoʻl va avtomobil transporti orqali tashish hajmi 47 foiz oshdi. Taʼkidlanganidek, ikki tomonlama yoʻlovchi va yuk tashishni tartibga solish tizimini optimallashtirish va qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan harakatlar hisobiga transport-logistika sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash boʻyicha mavjud ulkan salohiyatdan unumli foydalanish mumkin.
photo_2020-10-21_19-40-21.jpg
Tadbir davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirokida Afgʻoniston Islom Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida 110 million dollar ajratishni nazarda tutuvchi “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurish loyihasini moliyalashtirish toʻgʻrisida bitim imzolandi. Mablagʻning asosiy qismi oʻzbek pudratchilari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish ishlariga yoʻnaltiriladi. Yaqin kelajakda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “DA Afgʻoniston Breshna Shirkat” oʻrtasida ushbu elektr yoʻlagini qurish boʻyicha tegishli shartnoma imzolanadi.
Vazirlik va idoralar rahbarlarining toʻgʻridan-toʻgʻri muloqoti kun tartibidagi asosiy masalalarni muhokama qilish, oʻzaro maqbul yechimlar ishlab chiqish, belgilangan yoʻnalishlarda hamkorlik boʻyicha aniq kelishuvga erishish, qoʻshma tashabbuslarni hayotga tadbiq etish boʻyicha amaliy ishlarni belgilab olish hamda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ga kiritish uchun dastlabki chora-tadbirlar roʻyxatini shakllantirishga imkon berdi.
Kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv yakunida ishtirokchilar tadbir doirasida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki berishi va Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni mustahkamlashga xizmat qilishiga qatʼiy ishonch bildirdilar.

 

OʻzA