Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning bizga qanday foydasi bor?

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar kirib bormagan soha qolmadi hisob. Jarayonlarni raqamlashtirish orqali xalqimizning ogʻiri-yengil, uzogʻi yaqin boʻlmoqda.

Soʻnggi paytlarda raqamli iqtisodiyot soʻzi koʻp qoʻllanilmoqda. Xoʻsh, bu oʻzi qanday iqtisodiyot va oddiy iqtisodiyotdan nima farqi bor?

Raqamli iqtisodiyot bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qoʻllash asosida amalga oshirish tizimidir. Baʼzida u internet iqtisodiyoti, yangi iqtisodiyot yoki veb-iqtisodiyot degan terminlar bilan ham ifodalanadi.Masalan, xaridorga poyabzal kerak. Uni bozorga tushib oʻzi bevosita tanlasa va naqd pulga sotib olsa, bu anʼanaviy iqtisod. Internet orqali oʻziga maʼqul tovarni tanlab, tovar egasiga pulni elektron toʻlov tizimi orqali toʻlash va mahsulotni yetkazib berish xizmati orqali olish raqamli iqtisodiyot deyiladi.

Bu masalani eng sodda maishiy misol orqali tushuntirishdir. Aslida, hammamiz allaqachon raqamli iqtisodiyot ichidamiz, uning qulayliklaridan foydalanamiz. Masalan, maoshimiz plastik kartaga tushadi, elektron toʻlov orqali kommunal xizmatlar, telefon, internet va boshqa mahsulot va xizmatlarga toʻlov qilamiz, elektron tarzda soliq deklaratsiyasi topshiramiz, kartadan kartaga pul uzatamiz, uyga taom buyurtma qilamiz va hokazo.

Aslida, raqamli iqtisodiyot noldan boshlab yaratilishi lozim boʻlgan qandaydir boshqacha iqtisodiyot emas. Bu yangi texnologiya, platforma va biznes modellari yaratish va ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga koʻchirish deganidir.

Xoʻsh, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirdik ham deylik, bu bizga nima beradi?

Raqamli iqtisodiyot avvalo, insonlarning turmush darajasini sezilarli darajada oshiradi, bu uning asosiy foydasidir. Yana bir asosiy jihati – korrupsiya va “qora iqtisodiyot”ning asosiy kushandasi hisoblanadi. Chunki, raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda maʼlumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron maʼlumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida toʻliq axborot bermaslikning iloji yoʻq, kompyuter hammasini namoyon qilib qoʻyadi. Maʼlumotlar koʻpligi va tizimliligi yolgʻon va qingʻir ishlarga yoʻl bermaydi, bir soʻz bilan aytganda, tizimni aldash imkonsiz.

Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyot qay darajada rivojlangan?

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda foydalanuvchilar oziq-ovqat mahsulotlariga buyurtma berish uchun Telegram botlaridan faol foydalanmoqda. Shuningdek, turli internet doʻkonlar, elektron toʻlov tizimlari ham faol rivojlanib bormoqda. Demak, fuqarolarimiz elektron bitimlarga ishonyapti. Faqat hozirgi kungacha foydalanuvchilar katta xarajat talab qilmaydigan kichik bitimlardan foydalanmoqda, oʻrtacha xarid hajmini oshirishga esa unchalik tayyor emas. Endigi masala oʻrtacha va yirik iqtisodiy bitim va moliyaviy operatsiyalarni raqamli texnologiyalar orqali amalga oshirishni rivojlantirishdan iborat.

Natijada mablagʻlarni oʻgʻirlash, samarasiz va maqsadsiz sarflash, oshirib yoki yashirib koʻrsatish imkoni qolmaydi. Bu esa iqtisodiyotga legal mablagʻlar oqimini oshiradi, soliqlar oʻz vaqtida va toʻgʻri toʻlanadi, byudjet taqsimoti ochiq boʻladi, ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan mablagʻlar oʻgʻirlanmaydi, maktablar, kasalxonalar, yoʻllarga ajratilgan pullar toʻliq yetib boradi.

Davlatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻlini tanlaganligi axborot texnologiyalari sohasida va umuman, elektron hujjatlar aylanmasi sohasida yangi yoʻnalishlar ochib beradi. “Raqamli texnologiyalar” tomon burilishga butun jahon internet tarmogʻi va sifatli aloqaning rivojlanishi sababchi boʻldi.

A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida ham raqamli iqtisodiyot va uni takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2020-yil oktyabr oyi tinglovchilari bilan “Raqamli iqtisodiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq taʼlimi tizimining roli” mavzusida onlayn vebinar oʻtkazildi.

Vebinarda “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasida bir million dasturchi tayyorlash yoʻl xaritasi” mavzusida maʼruza tinglanib, unda tinglovchilarga BIG DATA – katta hajmli maʼlumotlar bilan ishlash texnologiyasi, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va blokcheynlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Tadbirda shuningdek, “El yurt umidi” jamgʻarmasi direktori A.Bekmurodov “Respublika xalq taʼlimi tizimi uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiya dasturlari” mavzusida maʼruza qilib, jamgʻarma faoliyati haqida, Rossiya Federatsiyasining Korporativ universiteti eksperti Odilbek Kattayev esa “Professional pedagogik rivojlanishning xorijdagi ilgʻor raqamli texnologiyalari: oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun amaliy tavsiyalar” mavzusidagi maʼruzasi orqali dunyodagi taʼlim jarayonlari uchun yaratilgan va yaratilayotgan onlayn platformalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

D.Abduqulova,
A.Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti katta oʻqituvchisi

 

OʻzA