Oʻquvchi-qizlar uchun muhim loyiha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida joriy yilning 12-16-oktyabr kunlari “Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti va “Yosh tengdoshlar” loyihasi doirasida “Sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda oʻquvchi-qizlarning ishtiroki” mavzusida seminar treninglar tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda BMTning aholishunoslik jamgʻarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida Nukus shahridagi Prezident maktabida “Sogʻlom turmush tarzi asoslari”, “Shaxsiy gigiyena”, “Zamonaviy inson uchun zarur koʻnikmalar”, “Reproduktiv salomatlik va huquq”, “Kompyuter va mobil telefonning inson salomatligiga taʼsiri”, “Koronavirus”, “Vaqtni boshqarish” kabi mavzularda oʻtkazilgan seminar-treninglarda umumtaʼlim maktablarining iqtidorli oʻquvchi-qizlari, maktab psixologlari va yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
photo_2020-10-17_16-30-31.jpg
Treninglar yakunida oʻquvchi-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirishga qaratilgan onlayn muloqot oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari D.Kenjayev, Respublika Bosh prokurori oʻrinbosari S.Artikova, Oliy Majlis Senatining yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi D.Tashmuxamedova, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Kamolxon Inomxodjayevlar oʻquvchi yoshlarni oilaga va ijtimoiy hayotga tayyorlash, sogʻlom turmush tarzi va reproduktiv salomatlik qoidalariga rioya qilishning ahamiyati, genderni taʼminlash kabi masalalarga toʻxtalishdi.
photo_2020-10-17_16-30-33.jpg
Qayd etilganidek, mazkur tadbir qizlar oʻrtasida erta tugʻriq holatlari, oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish kabi salbiy illatlarning oldin olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ularni oʻz salomatligiga eʼtiborli boʻlishga oʻrgatishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Seminar-trening ishtirokchilariga sertifikatlar va esdalik sovgʻalari topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA