Pandemiya va pandemiyadan keyingi davr: xorijiy davlatlarda investitsiya siyosati qanday kechmoqda?

Pandemiya va uning tarqalishiga qarshi qaratilgan cheklov choralari dunyo iqtisodiyotiga keskin va sezilarli darajada zarar yetkazdi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ishlab chiqarish surʼatlarining bunday keskin pasayishi Ikkinchi jahon urushi davridan beri birinchi marta kuzatilmoqda. Jahon Bankining shu yil iyun oyidagi taxminlariga koʻra, 2020-yili dunyo iqtisodiyoti 5,2 foizga qisqarishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga daromadlar miqdori 3,6 foizga kamayib, buning natijasida yer yuzining millionlab aholisi qashshoqlikka yuz tutishi mumkin.
Rivojlangan davlatlarda iqtisodiy faollik 7 foizga, rivojlanayotgan mamlakatlarda 3 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda. Joriy yilda Yevro mintaqasida ishlab chiqarish hajmi 10 foizgacha qisqarishi, AQSH va Yaponiya kabi davlatlar oʻzlarining 6,1 foizgacha boʻlgan Yalpi ichki mahsulotlarini yoʻqotishi mumkin. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodning oʻrtacha 4,7 foizga, Rossiyada 6 foizga qisqarishi kutilmoqda.
BMTning Savdo va rivojlanish boʻyicha Konferensiyasi (YUNKTAD) taxminlariga koʻra, pandemiyaning salbiy oqibatlari 2020-2021-yillarda dunyo miqyosida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmining 40 foizgacha qisqarishiga olib kelishi mumkin. Bu soʻnggi 20 yil ichidagi eng past koʻrsatkich hisoblanadi.
Pandemiya inqirozi xalqaro investitsiya kelishuvlari va bitimlari tuzilishi, davlatlarning yaqin kelajakdagi investitsiya siyosati shakllanishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.
Xalqaro miqyosda oldindan rejalashtirilgan korxona va kompaniyalarning qoʻshib olish va singdirish jarayonlari ham nomaʼlum muddatga ortga surilmoqda. Masalan, “Amazon” korporatsiyasi tomonidan “Deliveroo” onlayn yetkazish kompaniyasini qoʻshib olish, “Boeing” kompaniyasi tomonidan Braziliyaning “Embraer” aviakosmik birlashmasini qoʻshib olish sohasidagi bitimlar shular jumlasidandir. 2020-yilning birinchi choragida dunyo miqyosida qoʻshib olish va singdirish bilan bogʻliq bitimlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 70% ga kamaygan.
Xorijiy investitsiyalar hajmining jiddiy qisqarishi rivojlanayotgan davlatlarga toʻgʻri kelmoqda. Pandemiya cheklovlariga birinchilardan boʻlib duch kelgan Osiyo mintaqasi va MDH davlatlariga xorijiy investitsiyalar oqimi 30-45 foizga kamayishi kutilmoqda. Mintaqadagi aksari mamlakatlarning asosiy eksport mahsulotlari boʻlgan xom ashyolar, neft va gazga talab kamayib, qazib olish sanoatiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar keskin kamaymoqda.
Vaziyatni yumshatish va ish oʻrinlarini saqlab qolish uchun turli xorijiy hukumatlar turli imkoniyatlardan foydalanishmoqda. Aksari davlatlar tibbiy uskunalar va dori vositalari ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga, kichik va oʻrta biznesga soliq imtiyozlari yaratish, ularga moliyaviy koʻmaklashishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishmoqda. Investorlar uchun maʼmuriy taomillar soddalashtirilmoqda, investitsiyalarni ragʻbatlantirish tartiblari kengaytirilmoqda. Shu bilan birga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xorijiy kompaniyalar tomonidan qoʻshib olishdan himoya qiluvchi chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Xususan, katta zarar koʻrgan kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning aksiyalari davlat tomonidan sotib olinmoqda. Masalan, Italiya hukumati Alitalia aviakompaniyasini milliylashtirishga qaror qildi. AQSHda aviatsiya tarmogʻini qoʻllab quvvatlash uchun 25 mlrd. dollar ajratilmoqda. Koreya vaksina va dori vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar iqtisodiy barqarorligini saqlab qolish uchun tegishli mablagʻlar ajratishini maʼlum qildi. Niderlandiyada pandemiya tufayli oʻz ishini toʻxtatishga majbur boʻlgan biznes korxonalariga moddiy yordam koʻrsatilmoqda. Misr Arab Respublikasi kamida uch yil muddatga sanoat maqsadlarida ishlatiladigan tabiiy gaz narxlarini 20 foizga, ogʻir sanoat korxonalari uchun elektrenergiya narxlarini 10 foizga kamaytirganini eʼlon qilgan. Yaponiya yapon kompaniyalarini pandemiyaning salbiy taʼsiri kuchli boʻlgan Xitoydan boshqa hududlarga koʻchirish maqsadlariga 2.2 mlrd. dollar ajratgan.
Ayni paytda yuzaga kelgan vaziyat koʻplab davlatlarning investitsiya siyosatini oʻzgarishiga olib kelmoqda. Bir tomondan, shu paytgacha asosiy investorlar sifatida namoyon boʻlgan rivojlangan davlatlar va transmilliy kompaniyalar siyosatida iqtisodiy egoizm alomatlari, ikkinchi tomondan rivojlanayotgan davlatlarning investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi raqobati kuchayib bormoqda. Donor mamlakatlar investitsiya oqimlarini oʻz hududlarida ushlab qolishga harakat qilishmoqda, shuningdek boshqa davlatlarga investitsiya kiritish shartlari yana-da siyosiylashib bormoqda. Yaʼni, investitsiya kiritishning iqtisod va biznes bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan yondosh, siyosiy maqsadlarga qaratilgan shartlari kuchayib bormoqda.
Maʼlumki, soʻnggi oʻn yilliklar mobaynida eksportga yoʻnaltirilgan qayta ishlash, togʻ-kon sanoati va qazish singari iqtisod tarmoqlariga investitsiyalar jalb etish aksari rivojlanayotgan davlatlar strategiyasining asosini tashkil etgan. Arzon ish kuchi va tabiiy resurslardan foydalanib eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiyalar oʻz ahamiyatini saqlab qolayotgan boʻlsa ham, endilikda bunday investitsiyalar manbai kamayib bormoqda. Global miqyosda isteʼmol hajmi kamayib, tabiiy xom ashyolarga talab keskin pasaygan bugungi sharoitda iqtisodiyotni ichki va mintaqaviy ehtiyojlarga asoslangan holda rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni ichki infrastruktura va xizmat koʻrsatish sohalariga yoʻnaltirishga alohida eʼtibor berish muhimdir. Qayta tiklanadigan energiya manbalari, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash singari sohalarga investorlar qiziqishi kuchaymoqda.
Investorlar oʻz mablagʻlarini diversifikatsiya qilish va mavjud takliflarga alohida diqqat bilan qarayotgan bir paytda investitsiyalar jalb qilinadigan ustuvor soha va tarmoqlarga aniqlik kiritish muhim boʻlib qolmoqda. Bunda ishga tushirish uchun nisbatan uzoq vaqt va katta investitsiya mablagʻlari talab qilmaydigan, pandemiya sharoitida ham daromad olish va ish oʻrinlari yaratish imkonini beradigan loyihalarga ustuvor eʼtibor qaratilishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, joriy yilning iyulida Jahon Banki Qozogʻistonga chorvachilikni rivojlantirish va eksportga mol goʻshti yetishtirish klaster tizimini yaratish uchun 500 mln. dollar miqdorida mablagʻ ajratgani maʼlum qilindi. 5 yilga moʻljallangan mazkur loyiha iqtisodni diversifikatsiyalash, qishloq hududlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Investitsiyalar oqimi sezilari darajada kamayib, ularni jalb qilish jarayonida raqobat kuchayib borayotgan sharoitda xorijiy investorlar uchun manfaatli investitsiya loyihalarini taklif qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xorijiy investorlarga tegishli imtiyozlar berishning oʻzi bilan bu masalani ijobiy hal etib boʻlmaydi. Koʻp narsa investitsiyalar va investorlar huquqini himoya qilinganiga bogʻliq boʻlib, bu esa oʻz oʻrnida tegishli qonunlarning barqarorligi, qonun normalarining rivojlangan davlatlarda amalda boʻlgan tartib-tamoyillarga yaqinlashtirish bilan taʼminlanadi.
Shu maqsadda, iqtisodni jonlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida Rossiyada joriy yil 1-aprelida investitsiyalarni himoya qilishga qaratilgan alohida qonun qabul qilingan boʻlib, qonun investorlar bilan davlat oʻrtasida investor mablagʻlarini himoya qilinishini kafolatlovchi maxsus kelishuvni nazarda tutadi. Unga koʻra davlat investitsiya loyihasi amalga oshirilishi mobaynida (6 yildan 20 yilgacha boʻlgan muddatda) investorga nisbatan amaldagi qonunchilik talablarining oʻzgartirmaslik majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Bunday shartnoma tuzish uchun investor vakolatli davlat organiga xabar berish tartibidan foydalanadi. Bu jarayonda investorga qoʻyiladigan barcha talablar qonunda koʻrsatib oʻtilgan. Biroq, ushbu qonunning taʼsir doirasiga tushadigan investitsiya loyihalari hajmi nisbatan katta boʻlib, qonun normalaridan faqat yirik kompaniyalar manfaat koʻrishlari mumkin. Masalan, davlat nomidan shartnoma tuzilishi uchun kiritilayotgan investitsiya miqdori 10 milliard rubldan (taxminan 12,7 mln. dollar) kam boʻlmasligi talab qilinadi. Shu maʼnoda aksari mutaxassislar qonun normalari barcha investorlar uchun birday tatbiq etilishi kerakligi haqida fikrlar bildirishmoqda.
Ustuvor yoʻnalishlarda loyihalar amalga oshirish jarayonida investorga nisbatan amaldagi qonunchilik talablari oʻzgarmasligi davlat tomonidan kafolatlanadigan bunday tartibni oʻrnatish Oʻzbekiston uchun ham foydali boʻlishi mumkin.
Jahon Bankining 2020-yil 7-oktyabrda eʼlon qilingan Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha iqtisodiy sharhida taʼkidlanganidek, xususiy tadbirkorlikka qulay sharoitlar yaratish, davlatga qarashli yoki davlat amaldorlari bilan aloqador korxonalarga nisbatan alohida yondashuvni istisno qilgan holda barcha uchun teng imkoniyatlar berilishi mintaqada iqtisodiy rivojlanishni belgilovchi asosiy omillardan biridir. Ayni paytda mahalliy investorlarni ragʻbatlantirish, qonunchilikda xorijiy investorlarga moʻljallangan yengillik va imtiyozlarni mahalliy investorlar uchun ham tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, yaqinda Xitoyda joriy qilingan erkin iqtisodiy hududlardagi imtiyozlar rejimi mahalliy va xorijiy investorlar uchun bir xil shartlarda taqdim etilishi haqidagi tartib shunday chora-tadbirlardandir.
Pandemiya taʼsirini yumshatishga qaratilgan tadbirlar soliq va moliya jihatidan faqat korxonalar va alohida tarmoqlarni emas, balki ularning xodimlarini ham qoʻllab-quvvatlashga qaratilishi kerakligi taʼkidlanmoqda.
Anvar Eminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi

 

O’zA