Qoraqalpoq davlat universitetida Moʻynoq, Taxtakoʻpir va Qoraoʻzak tumanlarida istiqomat qiluvchi, joriy yilgi test sinovlaridan oʻta olmagan talabalar uchun toʻlov-shartnoma asosida oʻqish imkoniyati paydo boʻldi.
Buning uchun talaba eng kamida 56,7 ball toʻplagan boʻlishi kerak (maksimal 189 ballning 30 foizi) va tibbiyot yoʻnalishlaridan boshqa sohani tanlashi darkor.
Talabalar uchun ariza.ekarsu.uz tizimi orqali oʻzlarining arizalarini rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.
“Talabalar kvotadan tashqari oʻquv xarajatlarini toʻla qoplaydigan miqdordagi toʻlov-shartnoma asosida oʻqiydi va oʻqishni tugatgandan keyin shu hududlarda kamida 5 yil ishlab berishi belgilangan”, deyiladi universitetning telegram kanalida.
Ushbu tadbir davlat rahbarining yaqinda Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlari ijrosi asosida amalga oshirilmoqda.