180 dan ortiq mamlakat koronavirusga qarshi vaksinani teng taqsimlash boʻyicha tashabbusga qoʻshildi

Dunyoning 180 dan ortiq davlati COVAX xalqaro mexanizmiga qoʻshilganini maʼlum qildi. 
Bu haqda 12-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan brifingda JSST bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan xabar qilgan.
Mazkur mexanizmdan koʻzlangan maqsad tayyor boʻlgach, koronavirusga qarshi vaksinani mamlakatlarga adolatli asosda taqsimlashni taʼminlashdir.
“COVAX mexanizmi kuchaymoqda. Unga 180 dan ortiq mamlakat, jumladan Xitoy ham qoʻshildi. Ushbu davlatlarda sayyoramiz aholisining qariyb 99 foizi yashaydi”, — dedi Svaminatan.
COVAX ishlab chiqarish quvvatini yaratishni qoʻllab-quvvatlaydi va xarid qilishni amalga oshiradi. Dasturda koʻrsatilgan shartga muvofiq yuqori daromadli mamlakatlar vaksina sotib olish uchun toʻlov amalga oshiradi. Mexanizm doirasida koʻzda tutilgan rejaga koʻra, 2021-yil oxiriga kelib 2 milliard doza vaksina ishlab chiqarilishi va teng taqsimlanishi kerak, deydi mutaxassis.

 

OʻzA