Oʻsimliklar karantini sohasidagi islohotlar natijadorligi tahlil qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-sentyabr kuni oʻsimliklar karantini sohasidagi islohotlar natijadorligi tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlar va eksport siyosatining asosiy maqsadi – mamlakatimiz mahsulotlarini jahon bozori talablariga moslashtirish. Shuning uchun, oʻsimliklarni himoya qilish yoʻnalishini isloh qilib, Oʻsimliklar karantini inspeksiyasi tashkil etildi. Xalqaro standartlarni joriy etib, eksportga koʻmaklashish, xorijiy davlatlar bilan bitimlar tuzish, oʻsimliklar klinikasi va biolaboratoriyalar tashkil qilish, shuningdek, sohaga ilm-fan yutuqlarini olib kirib, malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi dastlabki qadamlar natijasida 19 davlatga 78 xil mahsulotni eksport qilish uchun ruxsatnomalar olindi.

Sertifikatsiya uchun oʻnlab qogʻoz hujjatlar oʻrniga yagona elektron tizim joriy etilib, eksportchilarning arizalarini koʻrib chiqish muddati 10 kundan 1 kunga tushirildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha taqdimot bilan tanishib, navbatdagi vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

Yangi eksport bozorlari topib, mahsulotlarni hozirgi narxidan 3-4 baravar qimmatroq sotish imkoniyati borligi aytildi. Tovarlarni xalqaro fitosanitariya talabi asosida tayyorlash uchun mahsulot yetishtiruvchi, qadoqlovchi va eksport qiluvchi har bir korxonaga karantin inspektorlarini biriktirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Litva, Latviya, Ukraina, Ozarbayjon, Misr, Qatar, Mongoliya, Afgʻoniston va boshqa davlatlar bilan muzokara oʻtkazib, gilos, anor, uzum, qovun kabi meva-sabzavotlar eksporti uchun tadbirkorlarga yoʻl ochib berish vazifasi belgilandi. “Daladan eksportgacha” tamoyili boʻyicha toʻliq ishlashni taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Maʼlumki, kelgusi yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan. Buning uchun sohaning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro sertifikatsiya tizimini tatbiq etish kerak. Shu bois davlatimiz rahbari bu boʻyicha yirik ilmiy markaz tashkil etish taklifini ilgari surdi. Fan bilan amaliyot uygʻunligini taʼminlash, eksportchi korxonalar mutaxassislariga xalqaro fitosanitar talablarni tushuntirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida ham xalqaro fitosanitariya talablari oʻqitiladi.

Bugun sohada xususiy sektor ishtirokida oʻsimliklar 205 ta klinikasi, 690 ta biolaboratoriya mavjud. Sifat va raqobatni taʼminlash maqsadida bunday xususiy klinika va biolaboratoriyalarni koʻpaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasiga 1-dekabrga qadar oʻz maʼlumotlar bazasini bojxona organlarining “Yagona darcha” elektron tizimiga toʻliq integratsiya qilish vazifasi qoʻyildi.

 

O’zA