Oʻktam Barnoyev vafoti munosabati bilan hamdardlik

Oʻzbekiston davlat boshqaruv tizimi ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻktam Isoyevich Barnoyev ogʻir kasallikdan soʻng shu yil 20-sentyabr kuni 56 yoshida vafot etdi.
Oʻktam Barnoyev 1964-yil Buxoro viloyati Romiton tumanida tugʻildi. U 1986-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatib, mehnat faoliyatini Buxoro viloyati qurilish korxonalarida boshladi, keyinchalik “Amu-Buxoro kanal qurilish” boshqarmasida, viloyat Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasida ishladi. 2000-2002-yillarda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligida masʼul lavozimlarda xizmat qildi.
2002-2007-yillar mobaynida Vazirlar Mahkamasida Qishloq va suv xoʻjaligi, agrosanoat masalalari boʻyicha yetakchi mutaxassislikdan departament mudiri lavozimigacha boʻlgan vazifalarda faoliyat koʻrsatdi.
Oʻ.Barnoyev 2007-2008-yillarda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishladi. 2008-2010-yillarda Samarqand viloyati hokimi vazifasiga tayinlanib, hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi.
U 2011-2016-yillarda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining “Oʻzsuvnazorat” respublika inspeksiyasi boshligʻi, “Oʻzagrokimyo” kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi.
Oʻ.Barnoyev 2016-yilda Buxoro viloyati hokimi vazifasiga tayinlanib, toʻrt yil mobaynida mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni hududda izchil amalga oshirish, viloyat aholisining turmush sharoitini yaxshilash, agrar tarmoqni zamonaviy usullar bilan rivojlantirish, hududdagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etishda tashabbuskorlik bilan oʻzini ayamasdan mehnat qildi.
U 2020-yil fevral oyidan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatdi.
Oʻktam Isoyevich Barnoyev qayerda, qanday vazifada ishlamasin, oʻzining bilim va tajribasi, fidoyilik bilan bor salohiyatini va tajribasini yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida safarbar etdi.
Ayniqsa, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tarmoq uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida oʻzining tashkilotchilik qobiliyatini keng namoyon etdi.
U ikki marta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi etib saylangan edi.
Oʻ.Barnoyevning xalqimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U 2019-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan quruvchi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, kamtarin, samimiy va fidoyi inson Oʻktam Isoyevich Barnoyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva,
N.Ismoilov, A.Aripov

 

OʻzА