Fraksiya rahbari beruniylik faol yoshlar bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumani faol yoshlari bilan uchrashdi.
OʻzLiDeP Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi matbuot xizmatining OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, uchrashuvda tuman hokimi mutasaddilari, “Yoshlar parlamenti” aʼzolari, partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, ertangi porloq kelajagimiz bunyodkorlari boʻlgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, ularning iqtidorlarini namoyon qilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda mustaqilligimiz sharofati bilan mamlakatimizda soʻnggi uch yilda barcha sohalarda olib borilgan oʻzgarish va yangilanishlar, yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, “Yoshlar parlamenti”ga aʼzo boʻlgan yoshlarning kelgusi rejalari, muammo va takliflari, yoshlar hayotiga oid masalalar boʻyicha fikr-mulohazalar tinglandi.
Uchrashuvda Spiker oʻrinbosari soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, siyosiy jarayonlarda ularning faolligini oshirishga katta eʼtibor qaratilib kelinayotganligini, birgina joriy yilda “Yoshlar parlamenti”ning tashkil qilinishi yoshlar hayotidagi muhim yangiliklardan biri boʻlganligini taʼkidlab oʻtdi. Suhbat va muloqotlar chogʻida yoshlarning fikr va takliflari tinglandi.
Uchrashuvda “Yoshlar parlamenti” aʼzolari Bahtiyor Alipov va Umrbek Jabbarov davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, imkoniyat va shart-sharoitlar yuqori darajada tashkil etilganligini qayd etdi. Parlamentga aʼzo boʻlish yoshlarni oʻz ustida yana-da ishlashga, izlanishga, siyosiy jarayonlarda faol boʻlishga, bilim va koʻnikmani yana-da oshirishga undaydi. Yoshlar oʻzlariga bildirilgan ishonchni albatta oqlashga harakat qilishlarini bildirdi.
Faol yoshlardan yana biri Sabira Sultanova ham yoshlarning oʻzini-oʻzi band qilishda mahallaning rolini kuchaytirish taklifi bilan chiqdi. Bu masala yuzasidan tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi va taklif inobatga olindi.
Uchrashuv davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA