Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aleksey Overchuk bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aleksey Overchuk boshchiligidagi Rossiya hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Kengaytirilgan uchrashuvda moliya vaziri Temur Ishmetov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sherzod Qudbiyev, shuningdek, qator vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqotda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli strategik sheriklikni rivojlantirish masalalari haqida soʻz bordi.
Tomonlar mintaqaviy hamkorlik doirasidagi qator loyihalarni muhokama qildi. Xususan, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish boʻyicha harakatlar rejasining ijrosi koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda soliq maʼmuriyati tizimini rivojlantirish, jumladan, mol-mulkka soliq solishni takomillashtirish va soliq toʻlovchilar bilan ishlash tizimini yaratish maqsadida Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekistonga begʻaraz texnik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma imzolangan. Ushbu shartnomani amalga oshirish doirasida bir nechta yoʻnalish boʻyicha ish olib borildi.
Elektron hisob-kitoblar va qoʻshimcha qiymat soligʻi maʼmuriyati boʻyicha biznes jarayonlarni optimallashtirish, mamlakatimizda koʻchmas mulkka soliq solishni takomillashtirish, soliq organlarida soliq toʻlovchilar bilan ishlashni tashkil etish konsepsiyalari, soliq organlari xodimlarining soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro samarali ishlash boʻyicha oʻquv dasturi ishlab chiqish, soliq organlari uchun korporativ uslubni yaratish kabi masalar shular jumlasidandir.
Federal Soliq xizmati bilan hamkorlikni davom ettirish boʻyicha hamkorlikning ikkinchi bosqichi doirasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni taʼminlaydigan amaliy dasturiy taʼminot ishlab chiqish, texnik xodimlarni tayyorlashni tashkil etish va oʻtkazish, amaliy dasturiy taʼminotning sinov va joriy qilish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash, Big Data maʼlumotlarni qayta ishlash uchun tahlil qilish tizimini ishlab chiqish va joriy qilish kabilar ishlab chiqilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, kadastr faoliyatini takomillashtirish sohasida hamkorlik qilish masalasi muhokama etildi.
Hozirda Rosreyestr bilan Rossiya Federal Soliq xizmati tomonidan amalga oshiriladigan koʻchmas mulkni soliqqa tortishni takomillashtirish boʻyicha loyihani davom ettirishni hisobga olgan holda, 2020-2021-yillarda hamkorlik toʻgʻrisida muzokaralar olib borilmoqda.
Rossiya tomonining texnik koʻmagi bilan “Davlat kadastrini baholash tizimini yaratish va koʻchmas mulk obyektlarining kadastr qiymatini aniqlash, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida soliq maqsadlari uchun” loyihasi doirasida bir qator yoʻnalishlar ishlab chiqilmoqda. Uchrashuvda shuningdek, ushbu sohada kadrlar tayyorlash masalasi ham muhokama etildi.
Muloqot yakunida tomonlar hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab, amalga oshiriladigan tadbirlar boʻyicha kelishib oldilar.

 

Saidmurod Rahimov, OʻzA