Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-sentyabr kuni elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz hayot va iqtisodiyot uchun juda zarur resurslardir. Bu tarmoqlar infratuzilmasi uzoq yillar modernizatsiya qilinmagani sababli ularni yetkazib berishda yoʻqotishlar koʻp edi. Hisob-kitobni joy-joyiga qoʻyish uchun avtomatlashtirilgan tizimlar zarurligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda.
Xususan, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgan 7 ta tuman va shaharda toʻlovlar undirilishi 40 foizga oshgan, debitor qarzdorlik esa 20 foizga qisqargan. Ushbu tizimni mamlakatimizning barcha hududlarida tatbiq etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilangan.
Yigʻilishda elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini toʻliq joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bu maqsadlar uchun qariyb 1,2 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.
– Bu mablagʻlarning natijadorligi va qaytimi faqatgina hisoblagichlarni oʻrnatish bilan hal boʻlib qolmaydi. Isteʼmolchi sarf qilgan energiya resursi hajmini bilish bilan tizimdagi yoʻqotishlar va oʻgʻirliklarga chek qoʻyib boʻlmaydi. Buning uchun “energiyani ishlab chiqaruvchi – magistral tarmoqlar – taqsimlash tarmoqlari – isteʼmolchi” jarayonlarining har bir zanjirini qamrab oluvchi yaxlit onlayn tizimni yaratish kerak, – dedi davlat rahbari.
Hamma joyda hisoblagichlar oʻrnatish, ularga xizmat koʻrsatadigan servislar tashkil etib, uzluksiz ishlashini taʼminlash, malakali kadrlar tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.
Hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla faollari aholi bilan har kuni ishlab, qarzdorlikni vaqtida toʻlash, tarmoqqa noqonuniy ulanishlarning oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlarini kuchaytirishi lozimligi aytildi.
Bugungi kunda joylarda qariyb 4 million dona elektr energiyasi hisoblagichi oʻrnatilib, shundan 2 milliontasi yagona elektron bazaga ulangan. Yigʻilishda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha yana 3,5 million dona elektr hisoblagich oʻrnatib, 2021-yil 1-martga qadar avtomatlashgan tizimni toʻliq ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, yirik isteʼmolchi va tadbirkorlik subyektlari, taqsimlash punkti hamda transformatorlarga elektron hisoblagichlar oʻrnatib, ularni ham yagona elektron bazaga ulash boʻyicha topshiriq berildi.
“Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati joriy yil yakunigacha aholiga 1,2 million dona, kelgusi yilning birinchi yarmida yana 2,3 million dona zamonaviy gaz hisoblagich oʻrnatishi zarurligi taʼkidlandi.
Bunda birinchi navbatda tabiiy gaz isteʼmoli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan 22 ta tuman va shahar qamrab olinadi. 4 mingdan ziyod yirik isteʼmolchilar, gaz quyish shoxobchalari va ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, 850 ta issiqxona avtomatlashtirilgan tizimga ulanadi.
Energetika vazirligiga har bir tuman, shahar kesimida hisoblagichlarni yetkazib berish, oʻrnatish va tizimga ulash ishlarini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish topshirigʻi berildi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga hududlarda ishchi guruhlar tuzib, mahalla raislari bilan birgalikda aholiga hisoblagichlar oʻrnatishni tashkillashtirish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish vazifasi qoʻyildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hududgaztaʼminot” jamiyatlarining texnik xodimlari va IT mutaxassislarini ushbu zamonaviy tizim bilan ishlash, uning barcha imkoniyatlari va qulayliklaridan samarali foydalanish boʻyicha malakasini oshirish kerakligi taʼkidlandi. Har bir hududda hisoblagich va boshqa uskunalarni taʼmirlash, ularga xizmat koʻrsatish tizimini yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda elektr energiyasi va tabiiy gazdan debitor qarzdorlikni kamaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Tarmoq rahbarlari elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot qildi.
O’zA