Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan Hindistonning “Pratiksha Hospitals Group” kompaniyasi boshqaruvi direktori Nishant Bajaj bilan oʻtkazilgan uchrashuv ham shu yoʻnalishdagi ishlardan boʻldi.
Hindistonlik tadbirkor “Pratiksha Hospitals” klinikasi bilan Samarqand shahrida kardiologiyaga ixtisoslashgan zamonaviy tibbiyot markazi qurish loyihasi amalga oshirilayotgani haqida toʻxtalib oʻtdi.
“Qariyb 6 oydan buyon butun dunyoda davom etayotgan pandemiya tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramasdan oʻzbekistonlik hamkorlar bilan qoʻshma loyihamizni jadal davom ettirayapmiz. Rejaga koʻra birinchi bosqichda 80 oʻrinli shifoxona oʻz faoliyatini boshlaydi. Loyihani 2020-yil oxiriga qadar toʻla yakunlashni rejalashtirganmiz”, – dedi N.Bajaj.
“Pratiksha Hospitals Group” tomonidan Samarqand shahrida yaqin kelajakda yana bir qoʻshma loyiha – zamonaviy koʻp tarmoqli shifoxona qurishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Bundan tashqari, hind kompaniyasi Termiz shahrida zamonaviy diagnostika markazi va klinika tashkil qilish boʻyicha mahalliy hamkorlar bilan ishlarni davom ettirmoqda.