Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

2020-yil 4-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisini 2020-yil 11-sentyabr kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Senat Raisi T.Norboyeva mamlakatimizda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, yangi Oʻzbekistonni qurish yoʻlida katta saʼy-harakatlar olib borilayotganini taʼkidladi. Qolaversa, odamlar bilan muloqot qilib, aholi tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni oʻz vaqtida hal qilinishiga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligini bildirdi. Shuningdek, yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan har bir masala yuzasidan jamoatchilik fikrini eʼtiborga olish, qolaversa, hududlardagi muammolarni doimiy tarzda oʻrganib borish va ularni muhokamaga olib chiqish zarurligini qayd etdi.
Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar holati hamda Oʻzbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

 

OʻzA