Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha islohotlar natijadorligi tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ekologiyani yaxshilashda oʻrmon xoʻjaligi juda muhim oʻrin tutadi.

Shuning uchun ham oxirgi uch yilda bu sohani jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, mamlakatimiz oʻrmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi.

Jumladan, Orol dengizining 1,2 million gektar qurigan tubida ixota daraxtzorlari barpo etildi. Oborotdan chiqib ketgan 10 ming gektar oʻrmon xoʻjaligi yerlari oʻzlashtirildi, 5 yarim ming gektarda yongʻoq, 4 ming gektarda oziq-ovqat ekinlari va dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etilib, 3 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Oʻrmon xoʻjaliklarida birinchi marotaba 64 ta biolaboratoriya tashkil etildi.

Yigʻilishda bu borada hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi taʼkidlanib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi. Sohada xususiy sektorni jalb qilgan holda oʻrmon yerlarini oʻzlashtirish, yilqichilik, chorvachilik, urugʻchilik, koʻchatchilik, turizmni keng yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Yana 50 ming gektar oʻrmonzor barpo etib, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan hamda Toshkent viloyatlarida yongʻoq, pista va bodom plantatsiyalari tashkil qilish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.

Mebelsozlik korxonalari xomashyoning 90 foizini import qilayotganidan kelib chiqib, ularga klaster usulida pavlovniya va boshqa mebelbop daraxtlar yetishtirish uchun yer ajratish boʻyicha topshiriq berildi.

Oʻrmon fondi yerlarini oʻzlashtirishga ham subsidiya va imtiyozlar joriy etish, xususan, sugʻorish nasoslari xarid qilish, quduqlar qazish ishlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Bu yildan boshlab oborotda boʻlmagan oʻrmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi joriy qilindi. Hozirgi kunda 20 ming gektar shunday yer ijaraga berilgan. Bu ishlarni davom ettirib, qoʻshimcha yerlarni oborotga kiritish hamda tadbirkorlarga ijaraga berishni kengaytirish vazifasi qoʻyildi.

Koʻp joylarda, jumladan, Qorakoʻl, Gʻijduvon, Shahrisabz, Kitob, Pop, Chortoq, Nurobod, Qoʻshrabot, Nurota, Baxmal, Forish, Uzun, Boysun, Ohangaron, Bekobod tumanlarida oʻrmon xoʻjaligi rezervlaridan foydalanish boʻyicha ishlar tanqid qilindi, yetarlicha tashkil etilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Pillachilikda ozuqa bazasini koʻpaytirish maqsadida fermer xoʻjaliklarida 2 ming gektar, kelgusi yilda 2,5 ming gektarga tut koʻchatlari ekish rejalashtirildi.

Oʻtgan yili dorivor oʻsimliklar plantatsiyasi 2 ming gektarga yetkazilgan edi. Yigʻilishda kelgusi yili bunday maydonlarni 5 ming gektarga yetkazib, hosilni 8 ming tonnagacha oshirish zarurligi aytildi.

Xususiy sektorni jalb qilgan holda oʻrmon fondi yerlarida asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik loyihalarini amalga oshirish, bandlikni taʼminlab, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash chora-tadbirlari belgilandi.

Oʻrmonlar sayyohlar uchun ham qiziq. Oʻtgan yili ekoturizm va ov turizmidan jami 1 milliard soʻm tushgan. Lekin bu kam. Boʻstonliq tumanidagi yangi tizim oʻrmon hududlarida turizmni rivojlantirish boʻyicha juda katta zaxiralar mavjudligini koʻrsatdi. Misol uchun, “Burchmulla” oʻrmon xoʻjaligida xususiy sheriklik asosida 300 oʻrinli ekoturizm maskani barpo etilmoqda.

Shunday imkoniyatlarni ishga solib, kelgusi yilda ekologiya va ov turizmidan daromadlarni 10-15 baravarga oshirish mumkinligi taʼkidlandi. Shahrisabz, Kitob, Boysun, Bobotogʻ, Zomin, Baxmal, Ohangaron, Bekobod, Dalvarzin, Pop, Qoʻqon, Qozoqdaryo oʻrmon va ov xoʻjaliklarida turizm maskanlarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yigʻilishda oʻrmon xoʻjaligi boʻyicha ilm-fanni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Mahalliy pistaning suvsizlikka chidamli va yuqori hosil beradigan 13 turdagi yangi navini roʻyxatdan oʻtkazib, keyingi yildan togʻli tumanlarda ekish kerakligi qayd etildi.

Davlat oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasiga dorivor oʻsimliklarni mahalliylashtirish uchun tajriba plantatsiyalari va ilmiy markaz, shuningdek, oʻrmon tuproqshunosligi, “in vitro” va urugʻchilik laboratoriyalarini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Sohada kadrlar salohiyatini oshirish, oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.

Qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarida boʻlgani kabi oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish uchun ham xalqaro tashkilotlar mablagʻlarini jalb qilib, yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalarni inobatga olib, oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha 10 yillik dastur loyihasini takomillashtirish vazifasi belgilandi.

Yigʻilishda Davlat oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi va hududlar rahbarlari axborot berdi.

 

O’zA