Mustaqillik bayrami arafasida yangi inshootlar, yirik ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirilishi ezgu anʼanaga aylangan. Bugun Yashnobod tumanidagi koʻp tarmoqli “Texnopark” ishlab chiqarish majmuasida “Samsung” brendi ostida maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish korxonasining ochilishi ham qutlugʻ bayramimizga munosib toʻyona boʻldi.
Sobiq aviasozlik zavodi oʻrnidagi 101 gektarlik maydonda joylashgan mazkur ishlab chiqarish majmuasiga 2019-yil 10-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asos solingan edi. Bu yerda 17 ta yirik loyiha amalga oshirilishi maqsad qilingan. Ularning birinchisi 2020-yil fevral oyida ishga tushirilib, elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan edi.
Davlatimiz rahbariga boshqa loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Bu yil majmuada lift va eskalatorlar, suv nasoslari, kir yuvish mashinalari, vitrina sovutgichlari va muzlatgichlar ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi. Keyingi yildan esa mis quvurlari, sanoat suv isitish qozonlari, oshxona texnikalari, sendvich panel va metall konstruksiyalar, eshik-romlar uchun furnitura va aksessuarlar, panelli isitish radiatorlari, bazalt toshidan izolyatsion materiallar ishlab chiqarish loyihalari ish boshlaydi. Shuningdek, logistika markazi quriladi. Bu yerdan mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri xorijga eksport qilish mumkin boʻladi. “Texnopark” hududidagi barcha loyihalar ishga tushirilishi bilan 10 mingdan ziyod aholi doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni belgilangan muddatlarda, sifatli ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Jamoatchilik faollari bilan muloqotda sanoatni mahalliylashtirish masalalari haqida gapirdi. Xususan, 2016-yil yakunida 100 ming tonna atrofida mis ishlab chiqarilgan boʻlsa, bu yil oxirida 150 ming tonnaga yetkazilishi taʼkidlandi. Kelgusida 400 ming tonna reja qilingan. Maʼlumki, mis sanoat mahsulotlari tayyorlashda keng qoʻllaniladi. Uni qazib chiqarish hajmi koʻpayishi import oʻrnini bosib, mamlakatimiz mahsulotlarining dunyo bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.
2020-yil 29-avgust. Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligi. Bu sana Oʻzbekiston sanoati tarixida muhim tarixiy kun sifatida muhrlanib qoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, “Texnopark” majmuasida “Samsung” brendi ostida maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini ishga tushirdi. Jamoatchilik vakillari bilan ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi.
Yirik investitsiyaviy maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish loyihasi Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan boʻlib, umumiy qiymati 51,5 million AQSH dollardan ziyodni tashkil etadi. Uskunalarni montaj qilish va loyihani ishga tushirishga ham koreyalik mutaxassislar jalb qilingan.
Bir vaqtning oʻzida 4 turdagi sovutgichlarni ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi loyihaning oʻziga xos jihatlaridan biridir. Ishlab chiqarish jarayoni 70 foizga avtomatlashtirilgan, 1500 ishchi faqat texnikalarni boshqarish va butlovchi qismlarni yigʻishda qatnashadi. Bu esa har 19 soniyada 1 ta tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Mahsulotlar sifat nazorati laboratoriyasidan 7 daqiqada oʻtadi. Bunda “Samsung” kompaniyasining innovatsion texnologiyasi yordamiga tayaniladi. Sinov natijalari markazlashgan maʼlumotlar bazasida saqlanadi.
Korxona yiliga 1 million dona sovutgich ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu nafaqat yurtimiz, balki MDH davlatlari aholisini ham zamonaviy, sifatli mahsulot bilan taʼminlash imkonini beradi.
Yillik eksport hajmi 50 million dollardan ziyodni tashkil etadi.
Maishiy sovutgichlar zamonaviy dizaynga, “No frost”, masofaviy “smart” boshqaruv tizimiga egaligi, energiya tejamkorligi, yuqori kuchlanishga qarshi himoya tizimining mavjudligi bilan ajralib turadi.
– Sobiq aviatsiya zavodi toʻxtab, qarovsiz qolib ketgan edi. Keyingi yillarda undan foydalanish boʻyicha koʻrgan choralarimiz asta-sekin oʻz natijasini berayapti. Bulardan maqsadimiz – odamlarni ishli qilib, oylik berish, raqobatbardosh mahsulot chiqarib, eksport qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sovutgichlardan foydalanish yoʻriqnoma-kitobchasida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yozuv turli tillarda muhrlangan. Bu esa xorij davlatlarida bizning sovutgichlardan foydalanayotgan minglab odamlarda Oʻzbekistonga, xalqimizga havas hissini uygʻotishi, yurtimiz nomini tanitishi shubhasiz.
O’zA