Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻquv yiliga tayyorgarlik masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari kun tartibidagi asosiy masalaga oʻtishdan oldin koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtaldi. Joriy haftada kuniga oʻrtacha 370 ta yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat koʻrsatkichi boʻlishi qayd etildi.
Prezident haqiqiy holat boʻyicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan qatʼiy choralarga olib kelishi mumkinligi taʼkidlandi.
Hokimlar, sektor rahbarlari hamda mutasaddi idoralar xodimlari har bir mahallada, jamoat joylari, transport va korxonalarda sanitariya talablari bajarilishi boʻyicha temir intizomni taʼminlashi zarurligi aytib oʻtildi. Ayniqsa, toʻy-marosimlarni bir necha kun davomida yoki bir kunda 3-4-marta oʻtkazish holatlariga chek qoʻyish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Koronavirusga chalingan bemorlarni dunyodagi eng ilgʻor va ishonchli usullar bilan davolash uchun barcha choralar koʻrilayotgani, jumladan, hozirgi paytda Rossiya, Germaniya, Turkiya, Xitoydan 75 nafar yuqori malakali shifokor yurtimizda ish olib borayotgani taʼkidlandi.
– Infeksiyani yuqtirmaslik, avvalo, oʻzimizga, oʻz sogʻligʻimizga boʻlgan eʼtiborimizga, oilamizdagi muhitga bogʻliq. Agar hamma, butun jamiyatimiz tozalik, tibbiy himoya va ijtimoiy masofa qoidalariga amal qilsa, kasallik koʻpaymaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda koʻmakka muhtoj oilalarga moddiy yordam berish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Shu maqsadda 26-avgust kuni davlatimiz rahbarining “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi yana bir qarori qabul qilingan edi.
Qarorga koʻra, koʻmakka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash maqsadida “temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yoʻqotgan va nogironligi boʻlgan 16 yoshga toʻlmagan bolalarga 500 ming soʻmdan yordam puli beriladi. Ushbu moddiy yordam bilan jami 810 mingdan ziyod bolalar qamrab olinadi. Buning uchun 400 milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari ajratildi.
Boquvchisini yoʻqotgan oilalardagi va nogironligi boʻlgan 16 yoshga toʻlmagan bolalar boʻyicha aniq hisob-kitoblar mavjud boʻlib, toʻlovlar Pensiya jamgʻarmasi tomonidan pensiya va nafaqaga qoʻshib beriladi. Bu juda qulay, chunki tizim bor.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, hokimlar hamda sektor rahbarlariga yordam pullarini muhtoj oilalarga adolatli, ochiq va toʻgʻri yetkazib berish, hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaslik yuzasidan topshiriqlar berildi. Aholi bilan uchrashib, ushbu mablagʻlar haqiqatda yordamga muhtoj bolalarning barkamol rivojlanishi va sogʻligʻi uchun sarflanishi zarurligini tushuntirish vazifasi qoʻyildi.